Bugun, 10 dekabr kuni Xitoyning Usi shahridagi “World Taekwondo Center Stadium” majmuasida taekvondo WT bo‘yicha aralash jamoaviy dasturda jahon kubogi final bosqichi o‘tkaziladi.
Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi chorak final bosqichida Hindiston termasi bilan raqobatlashadi. Agar ushbu to‘qnashuvda jamoamiz g‘olib chiqsa, yarim finalda xitoylik taekvondochilar bilan final yo‘llanmasi uchun dayanga chiqadi. Mazkur janglarda terma jamoamiz tarkibida Jasur Jaysunov (80 kg), Shuhrat Salayev (+80 kg), Feruza Sodiqova (67 kg) va Gulsanam Alijonova (+67 kg) janglarga kirishadi.
Ma’lumot o‘rnida: Xitoyning Usi shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Katta dubulg‘a» saralash musobaqasida Jasurbek Jaysunov oltin, Shuhrat Salayev esa kumush medalni qo‘lga kiritib, «Katta dubulg‘a»ning asosiy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA