Joriy yilning 10 dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori darajali brifing tashkil etildi.
BMT huzuridagi Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) doimiy kuzatuvchisi Letisiya Kurtua bilan suhbat:
Biz O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reintegratsiya va reabilitatsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy kengashi faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi brifingni muvaffaqiyatli yakunladik. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston tomonidan repatriatsiya va reabilitatsiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan sa’y-harakatlar haqidagi ma’lumotlarni ijobiy baholadilar.
Biz O‘zbekiston tomonidan qaytganlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, jumladan, Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro zonalarida og‘ir ruhiy jarohatlarni boshdan kechirgan ayollar va bolalarga yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan har tomonlama yordamdan hayratdamiz.
Biz ularning qaytishini boshqalar uchun “noyob va muvaffaqiyatli namuna” qilish uchun ularga zarur e’tibor va yordam ko‘rsatishni davom ettirishga chaqiramiz.
Ma’lumot uchun: Brifing SMTI va O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ko‘magida o‘tkazildi.
Brifingda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze, BMT Bosh kotibi yordamchisi Haled Hiari, BMT Aksilterror markazi direktori Mauro Miediko, BMTning terrorizm bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi, Minnesota universiteti (AQSH) professori Fionnuala Ni Aolayn, BMT huzuridagi Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) doimiy kuzatuvchisi Letisiya Kurtua, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari so‘zga chiqdi.
O‘zA