U Navbahor tumanida uzumchilik va chorvachilikni yo‘lga qo‘yish harakatida.
Mamlakatimizning qulay geografik joylashuvi, betakror tabiati, boy tabiiy resurslari hududlarning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois yurtimiz xorijiy ishbilarmon va sarmoyadorlar, sayyohlar e’tiborini tortmoqda.
Yuz yillar muqaddam ajdodlari Buxoro viloyati Fijduvon tumani hududida istiqomat qilgan va taqdir taqozosi bilan chet elga ko‘chib ketgan yurtdoshimiz Azizi Rahmon ota-bobolari bu maftunkor o‘lka haqida ko‘p bor to‘lqinlanib gapirganini yaxshi eslaydi. Shu bois u ham O‘zbekistonga, uning tobora yuksalayotgan iqtisodiga hissa qo‘shishni niyat qildi. Tadbirkor qator tuman va shaharlarda bo‘lib, hududlardagi sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Navbahor tumanida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi.
– Meni viloyat va Navbahor tumani rahbarlari iliq kutib olishdi, – deydi Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan tadbirkor Azizi Rahmon. – Mahalliy hokimlik rejalarim bilan tanishgach, tuman hududidan 70 gektardan ortiq yer maydoni ajratdi. Bu yerda “Farid Azizi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etdik. Endi uzumchilik va chorvachilikni yo‘lga qo‘yish harakatidamiz. Yaqin kelajakda to‘qimachilik fabrikasi qurib, turli matolar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Hozirda hamkorlikda ishlash istagini bildirgan ishbilarmonlar taklifini muhokama qilayapmiz. O‘zbekiston tabiati yilning istalgan faslida yerdan hosil olish imkonini beradi. Shuni inobatga olib, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish bilan ham shug‘ullanish niyatim bor. Bundan tashqari, no‘xat, loviya kabi dukkakli mahsulotlar eksportini ham yo‘lga qo‘yamiz. Bu zaminda yetishtirilgan mahsulotlar mazasi, vitaminlarga boyligi bilan ajralib turishi va butun dunyoda yuksak baholanishidan xabarim bor.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Mohammed al Otaiba Group” kompaniyasi bilan tumandagi “Chorva tog‘lari” fermer xo‘jaligi hamda “Miraziz Akobir” oilaviy korxonasi o‘rtasida tuzilgan memorandumga asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, mazkur kelishuvga asosan faoliyat boshlagan “Farid Azizi” MCHJ tomonidan bog‘dorchilik tashkil etish hamda mevani qayta ishlash bo‘yicha texnologiyalar keltirib o‘rnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida 10 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Nuriddin Rahimov, O‘zA