Yangi farmon
Mahalla guzaridagi yoshi ulug‘larning gurungi qiziq. Suhbat bir qarashda sodda, biroz tinglansa bugunning – jamiyatning oynasiga o‘xshaydi.
– Shokir tandirchining o‘g‘li sovuq joylardan yurtga qaytibdi, – deydi so‘rining to‘rida o‘tirgan otaxon yaktagining yengini to‘g‘irlar ekan. – Ertalab o‘zi bilan gaplashdim, ko‘z tegmasin, shashti baland. Endi ketmas ekan. Yaxshigina to‘plaganga o‘xshaydi. Mahallada sex qilaman deydi. Hunarli er qayerda bo‘lsa ham xor bo‘lmaydi, do‘st-dushmanga zor qolmaydi degani shuda. Kechirasizlar, buni o‘zi nimaga esladim? Ha, aytgancha, yaxshi ish oldidan ehson qilyapti ekan. Ertaga osh damlayapti, hammamizni uyiga chaqirdi.
Dasturxondagi choynakni yangilab ketishdi. Hamma o‘zini biroz rostlab o‘tirib oldi. Bo‘sh piyolalarga issiq choy suzildi.
– Chetdan hamma ham zo‘r bo‘lib kelayotgani yo‘q, – deydi boshqa bir nuroniy yonboshlab o‘tirgan yostig‘ini sal o‘ziga tortib. – Mana, rahmatli Nuriddin do‘konchining bolasi uch oydan buyon biror tayinli ishga joylashmadi. Telefonda o‘zim gaplashdim. Bo‘ldi kel, otangdan qolgan do‘konni ishlat, dedim. Mahallada shularga o‘xshaganlarga yer berilyapti ekan. Aytamiz, senam yerli bo‘lasan, dedim. Ekin-tikin qilsa yaxshida. Xullas, hamma joyning tosh-tarozisi borligini, bir kasbning boshini tutmasa, shunaqa tentirab yuraverishini tushuntirdim. Ota-enalarimiz hunari yo‘q kishining, mazasi yo‘q ishining deb bekorga aytmagan. Bechora Nuriddin o‘tganidan keyin, bularni tergamadikda. Biror kasb o‘rgan demadik.
Jamiyatdagi islohotlar eng quyidan – mahallalar, mana shunday suhbatlardan olingan xulosalar asosida olib borilsa, natijasi yaxshi bo‘ladi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan fuqarolarga zarur sharoitlar yaratish, ular bilan tizimli ishlash va mehnat migratsiyasidan qaytganlarning bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muhimi, tizimni takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 17 oktyabrda “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Bu hujjatlar sohada yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish, mas’ul davlat organlarining aniq vazifalari va javobgarligini belgilashga qaratilgan. Shuningdek, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ushbu jarayonga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilish va ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda muhim.
Farmonning dastlabki bandida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatini tugatish hamda Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligini tashkil etish ko‘zda tutildi. Bu nimani anglatadi, yangi agentlikning vazifalari nimalardan iborat?
U mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
– Dunyo davlatlarida ishchi kuchiga bo‘lgan talab turlicha, u ma’lum davrlarda o‘zgarib turadi, – deydi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov. – Shuning uchun inson mehnatiga bo‘lgan ehtiyojning, ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ko‘chib yurishi tabiiy jarayon. Prezidentimizning farmoni bilan ish beruvchilarni izlab topish, ularni sifatli tanlash maqsadida O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari va muassasalarining javobgarligi kuchaytirildi. Shuningdek, bu hujjat ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Xususan, agentlik tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini kompleks tartibga solishga e’tibor qaratadi. Fuqarolarni xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish ishlarini nazorat qiladi. Xususiy bandlik agentliklarining yurtimizdan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash, ular tomonidan litsenziya talablari va shart-sharoitlariga rioya etilishini o‘rganadi. Muhim tomoni, xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish ishlarini tashkil qiladi.
Chet elda ishlash oson emas. Agar, yurtdoshlarimiz o‘sha vaqtda huquqlari buzilgan, qiyin ahvolda qolgan bo‘lsa, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish choralari ko‘riladi.
Kelgusi yilning 1 yanvardan boshlab agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda o‘tkazishga ruxsat etiladi. U tomonidan o‘tkazilgan har qanday tekshirish natijasi bo‘yicha tuzilgan bayonnomalar, har bir tekshirilgan sub’ekt kesimida aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasiga joylashtirib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa fuqarolarning xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Qaror bilan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi agentlikka o‘tkazilib, uning negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Migratsiya jamg‘armasini tashkil etish ko‘zda tutildi.
Bu jamg‘armaning mablag‘lari, avvalo, sohada fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltiriladi. Xorijda ishlash niyatida bo‘lgan, lekin buning uchun yetarli mablag‘i bo‘lmaganlarga «ishchi viza»larni rasmiylashtirishda, til va malaka sertifikatlarini olishda ko‘maklashiladi.
Xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha ma’lumotlar elektron platforma, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qilib boriladi. Maxsus elektron platformada fuqarolarga o‘zining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda e’lon qilingan ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
Agentlikning hududiy filiallari tomonidan esa fuqarolarning xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq, shu jumladan, «ishchi viza»ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlarini ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Agentlik tegishli vazirliklar bilan birgalikda kelgusi o‘quv yilidan boshlab kasbga o‘qitish muassasalarida malaka sertifikatlari berilishini yo‘lga qo‘yadi. Bunda xalqaro ta’lim dasturlari asosidagi o‘quv kurslari tashkil etiladi. Ularning bitiruvchilariga xorijiy ish beruvchilar tomonidan tan olinadigan malaka sertifikatlari beriladi.
Bu ikki hujjatda sohaga doir masalalarni hal etishga qaratilgan bandlar ko‘p. Ularning hammasiga alohida to‘xtalmadik. Muhimi, maqsad va rejalar aniq. Vazifalar ijrosiga mas’ul vazirlik va idoralar ko‘rsatilgan.
Oilasidan, ona Vatanidan olisdan qo‘shimcha daromad topish oson ish emas. Ular chet tillarini bilsa, qo‘lida hunari bo‘lsa, ortlarida o‘zlarini so‘rab turguvchilar borligini his qilib faoliyat olib borsa, topayotgan mablag‘ida baraka bo‘ladi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri