Joriy yilgi Yevropa chempionlar ligasining uchinchi turi ham kutilmagan va qiziqarli uchrashuvlarga boy o‘tdi. Ayniqsa, Ispaniya, Angliya va Italiya klublari uchun bu tur muvaffaqiyatli o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Uchinchi turda “Manchester Siti” o‘z maydonida “Sparta Praga”ni qabul qildi. Mezbonlar bu o‘yinda mehmonlarni ayab o‘tirmadi. Uchrashuvda Holland ikkita, Foden, Stounz va Nuneshlar bittadan gol urib, “MS” klubining 5:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. Shuningdek, “Leypsig” mehmoni bo‘lgan “Liverpul” safardan 3 ochko bilan qaytdi. Aniqrog‘i, ushbu o‘yinning 27-daqiqasida Nunes tomonidan urilgan gol uchrashuv so‘ngigacha yagonaligini saqlab qoldi.

Turning markaziy o‘yini deya e’tirof etilgan “Barselona” – “Bavariya” uchrashuvi kutilmagan natija bilan yakunlandi. Bahsning birinchi daqiqasida mezbonlar vakili Rafinya hisobni ochgan bo‘lsa, Xarri Keyn 18-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Birinchi bo‘limning 36-daqiqasida “Barselona” hujumchisi Robert Levandovski sobiq jamoasi darvozasiga ikkinchi golni joylab qo‘ydi. Rafinya birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqasida yana gol urishni uddaladi. Shuningdek, bu futbolchi 56-daqiqada o‘zining uchinchi goliga mualliflik qildi va o‘yinga nuqta qo‘ydi – 4:1.

Darvoqe, uchrashuvda Robert Levandovski professional faoliyatidagi 700 golini aynan sobiq jamoasiga urgani qiziqarli hol albatta. Eng qizig‘i, 36 yoshli Levandovski faoliyatidagi eng ko‘p golni “Bavariya” tarkibida kiritgan. Myunxenliklar sharafini himoya qilgan davrda u raqiblar darvozasini 344 marotaba ishg‘ol qilgan.

Bundan tashqari, Robert Yevropa chempionlar ligasidagi umumiy gollari sonini 97 taga yetkazib oldi va tez orada yuzlik dovonni ham zabt etishi kutilmoqda.

Shuningdek, kechagi bahslarda “Atletiko Madrid” – “Lill” 1:3, “Benfika” – “Feyenoord” 1:3, “Zalsburg” – “Dinamo Zagreb”  0:2, “Brest” – “Bayer 04” 1:1, “Atalanta” – “Seltik” 0:0, “Yang Boyz” – “Inter” 0:1 natijalari qayd etildi.

Yevropa chempionlar ligasining  3-turidan so‘ng jadvalda Angliyani uch jamoasi – “Aston Villa”, “Liverpul”, “Manchester Siti” yetakchilik qilmoqda. Aniqrog‘i, “Aston Villa” va “Liverpul” klublari hisobida 9 ochko bo‘lsa, “MS”da 7 ochko mavjud. Biroq, “Monako”, “Brest”, “Bayer 04”, “Inter”, “Sporting” va “Arsenal” ham 7 ochko to‘plagan bo‘lsa-da, gollar nisbatiga ko‘ra keyingi o‘rinlarga joylashgan.

Jadvalda ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etgan “Barselona”, “Borussiya Dortmund”, “Real Madrid”, “Benfika”, “Yuventus”, “Lill” hamda “Feyenoord” klublarining ochkosi 6 taga yetdi. “Atalanta”da esa 5 ochko bor. Bu turdagi natijalardan so‘ng, “Shtutgart”, “PSJ”, “Seltik”, “Sparta Praga”, “Dinamo Zagreb” jamoalari 4 ochko jamg‘arib, 18-22 o‘rinlarga joylashdi.

Bu mavsumni omadsiz o‘tkazayotgan “Bavariya”, “Jirona”, “Milan”, “Bryugge”, “Atletiko Madrid” jamoalarida 3 ochko bor. “PSV” ikki durang evaziga 2 ochkoni qo‘lga kiritdi. “Bolonya” va “Shaxtyor” bor-yo‘g‘i uch turda 1 ochko to‘pladi. Shuningdek, “RB Leypsig”, “Shturm”, “Srvena Zvezda”, “Zalsburg”, “Yang Boyz” va “Slovan Bratislava” ochkosiz qolmoqda.

Joriy yilning 5-6 noyabr kunlari Yevropa chempionlar ligasining 4-turi doirasidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.

4-tur:

“PSV” – “Jirona”,

“Bratislava” – “Dinamo Zagreb”,

“Bolonya” – “Monako”,

“Borussiya Dortmund” – “Shturm”,

“Seltik” – “RB Leypsig”,

“Liverpul” – “Bayer 04”,

“Lill” – “Yuventus”,

“Real Madrid” – “Milan”,

“Sporting” – “Manchester Siti”,

“Bryugge” – “Aston Villa”,

“Shaxtyor” – “Yang Boyz”,

“Sparta Praga” – “Brest”,

“Bavariya” – “Benfika”,

“Inter” – “Arsenal”,

“Feyenoord” – “Zalsburg”,

“Srvena zvezda” – “Barselona”,

“PSJ” – “Atletiko Madrid”,

“Shtutgart” – “Atalanta”.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA