Albaniyada davom etayotgan U23 yosh toifasidagi jahon chempionatining yunon-rum kurashi bahslari poyoniga yetdi.

Quvonarlisi, ortda qolgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, terma jamoamiz a’zosi Alisher G‘aniyev O‘zbekiston yunon-rum kurashi tarixida ilk bor ushbu yosh toifasida jahon chempionligiga erishdi.

Kecha yunon-rum kurashi bahslarining so‘nggi kunida hamyurtimiz Doniyorxon Nakibov -77 kilogrammda bronza medali uchun eronlik Ali Oskou bilan kuch sinashdi. Murakkab kechgan bahsda omad eronlik kurashchiga kulib boqdi.

Bugun va erta jahon chempionatida ayollar kurashi musobaqalari o‘tkazilsa, 26 oktyabr kuni erkin kurash bellashuvlariga start beriladi. Aynan shu kuni hamyurtimiz Umidjon Jalolov -65 kilo og‘irlikda jahon chempionati bahslariga kirishadi.

– O‘tgan yili 20 yoshgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgandim. Shundan beri chempionlik yo‘lida qattiq mehnat qildim. Bu yilgi Osiyo chempionatida sovrinli o‘rinlarga ko‘tarila olmagan bo‘lsam-da, asosiy e’tiborimni jahon chempionatiga qaratgandim. Shukur, maqsadimga erishdim. O‘ylaymanki, bu yanada yuqori natijalarga erishishda katta ruhiy quvvat bo‘ladi, – deydi Alisher G‘aniyev.

Jahon chempionati 27 oktyabrga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA