Cyerbiyada shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Yevropa kubogining ortda qolgan 4-turida kutilmaganda Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov jamoasi mag‘lubiyatga uchradi.
Kecha o‘tgan 4-turda Nodirbek Abdusattorov “Turk avialiniyasi” jamoasi a’zosi eronlik Parham Maqsudluni taslim etgan, Sindorov raqibi Ediz Gurel bilan durang o‘ynagan bo‘lsa-da, “SuperChess” g‘alabaga erisha olmadi.
Hamyurtlarimizning jamoadoshlari bo‘lgan hindistonlik Gukesh va Praggnanandxa imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bahslar sarhisobiga ko‘ra, Makedoniyaning “Alkaloid” jamoasi yetakchiga aylandi. “Turk avialiniyasi” jamoasi 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Mazkur musobaqada Sloveniyaning “TAJFUN-ŠK Ljubljana” jamoasi sharafini himoya qilayotgan yana bir yosh grossmeysterimiz Nodirbek Yoqubboyev kecha “Alkaloid” bilan bo‘lgan o‘yinda dunyoning sakkizinchi raqamli shaxmatchisi xitoylik Vey Yini mag‘lubiyatga uchratdi.
5-tur ostonasida “SuperChess” va “TAJFUN-ŠK Ljubljana” jamoalari 6 ochko to‘plagan holda turnir jadvalining 7 va 8-o‘rinlarini band etgan.
Bugun o‘tadigan 5-turda “SuperChess” jamoasi Serbiyaning “SK JAVES Modra” jamoasi bilan, “TAJFUN-ŠK Ljubljana” klubi esa Chernogoriyaning “Elektroprivreda” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 27 oktyabrga qadar davom etadigan Yevropa kubogi bahslarida 84 ta erkaklar jamoasi dona surmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA