Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Husayn Abdullo” fermer xo‘jaligida 1 ming 500 bosh naslli xikol quyoni parvarish qilinmoqda.
– Quyonchilikning serdaromad soha ekanini tushunganimdan keyin fermer xo‘jaligi tashkil qildim, – deydi xo‘jalik rahbari Isoqjon Husaynov. – Bankdan olingan 550 million so‘m kredit evaziga 2017-yil dekabr oyida Navoiy viloyatidan 200 bosh naslli quyon olib keldik. Yarim yil ichida ular qariyb o‘n barobar ko‘paydi. Bitta quyon 1 yilda kamida 40 boshgacha ko‘payadi. 10 kilogramm vazn bosadigan quyonni 500-600 ming so‘mga sotish mumkin, agar qornida bolasi bo‘lsa, 1 million so‘mga ham xaridori bor. Bu quyonlarning og‘irligi 15 kilogrammgacha yetadi. Xikol quyonlari bir yilda 8 marta 10 tagacha bolalaydi. Ularning beshtasi yashab qoladigan bo‘lsa ham bitta quyon yiliga 40 boshga ko‘payadi.
Xikol quyonlari gibrid naslli jonzot bo‘lib, Kaliforniya va Yangi Zelandiya quyonlari urchitilishidan hosil bo‘lgan. Ushbu nasl o‘tgan asrning oxirlarida Fransiyada joriy etilib, qisqa vaqt ichida butun dunyoga keng tarqalgan.
Bunday quyonlar asosan go‘shti uchun broyler sifatida parvarish qilinadi. To‘g‘ri oziqlantirish natijasida ular kuniga 45-60 gramm vazn yig‘adi. 3-4 oyda quyonchalar 4,5-5 kilogramm tosh bosadi. Ellikqal’a tumanining chekka qishlog‘ida parvarishlanayotgan quyonlarga hatto Xitoydan xaridorlar chiqayotir.
Ayni paytda mahalliy sharoitda ushbu quyon go‘shtidan parhez taomlar uchun foydalanilmoqda. Go‘shti qator maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilmoqda.
Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA