Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hukumatlari delegatsiyalari va boshqa rasmiylari, yirik ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, mehnat faxriylari va yoshlar qatnashdi.
Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda Oʻzbekiston dunyo davlatlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, savdo va sarmoyaviy sohalarda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi formatda rivojlantirayotgani alohida taʼkidlandi. Bu jarayonda qoʻshni Afgʻoniston ham Surxondaryo viloyatining yaqin hamkorlaridan biri boʻlib kelayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari hamisha Afgʻonistondagi vaziyatga dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qaratib keladi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida “hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qoʻyish mumkin emas”ligini alohida taʼkidlagan boʻlsa, BMT Bosh Assambleyasining 78- sessiyasidagi nutqida Oʻzbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, barqarorlik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yoʻlidan qatʼiy borishini qayd etib, Afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik tashabbusini, “Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qoʻshnilari va boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afgʻoniston kerak”, degan gʻoyani ilgari surgan edi.
Ayni paytda mamlakatimizda yaqin qoʻshni Afgʻoniston tadbirkorlarining oʻz biznesini yuritishi uchun qulay muhit yaratilgan. Jumladan, birgina Surxon vohasida afgʻonistonlik ishbilarmonlar ishtirokida 210 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yil viloyatning Afgʻoniston bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb 58 million dollarni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan uch barobarga oʻsgan.
Mustaqilligimizning 33-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi ham bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etildi.
Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan markaz mintaqaviy savdoni rivojlantirib, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun qulay shart-sharoit yaratish, oʻzbek-afgʻon xalqlari oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash va rivojlantirish orqali yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yoʻq erkin savdo zonasi 36 gektar maydonda qad rastladi. Qiymati 70 million dollarga teng loyiha Afgʻoniston, Pokiston va boshqa mamlakatlar tadbirkorlariga sanoat, isteʼmol tovarlari savdosi hamda eksportini oʻstirishda muhim oʻrin tutadi. Mutaxassislar majmuaga yiliga 1,5 million kishi kelishi, uning yillik savdo hajmi 1 milliard 200 million dollarni tashkil etishini aytmoqda.
Erkin savdo zonasida yaratilgan imtiyozlar doirasida barcha chet davlat fuqarolariga Oʻzbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda boʻlish va chiqish imkoniyati beriladi. Multivalyuta, yaʼni Oʻzbekiston soʻmi bilan birga AQSH dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan qabul qilish tizimi joriy etilgan. Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona toʻlovlarisiz joylashtiriladi va chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari tashkil etilgan. Shuningdek, majmuada “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari barpo etilgan. Maydoni 50 ming kvadrat-metr boʻlgan mingta savdo doʻkoni, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan. Afgʻonistondan keluvchilar uchun Mozori Sharif shahridan har kuni avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Xalqaro savdo markazi Karachi-Termiz-Toshkent-Qozoqiston-Rossiya transport koridorining muhim bogʻlovchi qismi hisoblanib, Hind okeani portlariga chiqish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Yirik majmuada zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash inshootlari mavjud boʻlib, yuklarni “Yagona darcha” tamoyili asosida tezkor rasmiylashtirish uchun barcha qulaylik yaratilgan.
“Akfa Medline Ayritom” klinikasida 315 nafar malakali shifokor va boshqa tibbiyot mutaxassisi radiologiya, stomatologiya, fizioterapiya boʻlimlari hamda poliklinikada sifatli xizmat koʻrsatadi. “Central Asia University” biznes maktabida tashkil etiladigan oʻquv kurslarida yiliga 500 dan ortiq afgʻon tadbirkori savdo va ishlab chiqarish boʻyicha malaka oshirishi mumkin. Barcha tinglovchilar zarur sharoitlarga ega yotoqxona bilan taʼminlanadi.
Savdo markazida yaqinda loyiha qiymati 4,5 million dollarlik “Imzo” eshik romlarini ishlab chiqarish boshlanadi. 25 kishining bandligini taʼminlaydigan yangi loyihadan yiliga byudjetga 150 million soʻm mablagʻ tushadi. “TERMEZ GOLD PRODUCTION” zargarlik buyumlari va yarim tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, “CITY-ELECTRIC GROUP” yorugʻlik texnikasi uskunalari ishlab chiqarish korxonalari ham ish boshlaydi.
Yaqin qoʻshnichilik va azaliy doʻstligimizni keng namoyon etgan savdo zonasi ochilish marosimining ishtirokchilari zamonaviy markaz bilan yaqindan tanishdi.
Tantanali tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Shaxin Mustafayev, Qirgʻiziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri oʻrinbosari Nazarbek Malayev, Qozogʻiston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri oʻrinbosari Kayrat Toreboyev va boshqalar ishtirok etdi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Afgʻoniston Bosh vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Barodar Mulla Abdul Gʻani soʻzga chiqdi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA muxbiri