Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm boshqarmasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Xo‘jayli tumani hokimligi hamkorligida joriy yilning 17-18-may kunlari “Mizdaxkon — muqaddas va sirli maskan” yoshlar xalqaro festivali tashkil etildi.

Festival doirasida “Madaniy xabardorlikni oshirish va ekologik barqaror turizmni rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdan tashqari AQSH, Janubiy Koreya, Irlandiya, Turkiya va boshqa davlatlardan xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Zarikeev va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, shu orqali xorijiy sayyohlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda YUNESKOning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Sara Noshadi, AQSH, Janubiy Koreya, Irlandiya, Turkiya va boshqa davlatlardan ekolog hamda turizm bo‘yicha ekspertlar ekologiya, atrof-muhit himoyasi, Orolbo‘yida turizmni rivojlantirish borasida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Tadbir yakunida agroturizm, ekoturizm bo‘yicha takliflar umumlashtirilib, fikr almashildi. Tomonlar o‘rtasida hamkorlik masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ishtirokchilar TDIU hamda Xo‘jayli tuman hokimligining esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Festival doirasida “Taqiya” qoraqalpoq milliy liboslari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda respublikaning eng yosh va iqtidorli 5 nafar dizayneri tomonidan yaratilgan 100 ga yaqin milliy libos namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan qoraqalpoq milliy liboslari hamda matolarini xorijda ham tanitish maqsadida ko‘rgazmalar o‘tkazish taklifi berildi.

Shu kuni Qoraqalpog‘istonning taniqli san’at ustalari ishtirokida galakonsert namoyish etildi.

Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Mizdakxon tarixiy majmuasida bo‘ldilar.

Qariyb ikki yuz gektar maydonni egallaydigan bu qadimgi qabristonlarning ba’zilari 2400-yillik tarixga ega. Mizdaxkon — Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy va eng yirik qabristonlardan biri. Qadim zamonlardan beri bu joy muqaddasligi va sirliligi bilan ko‘plab ziyoratchilarni o‘ziga jalb qilgan. Oxirgi dafnlar XIV asrga to‘g‘ri keladi. Uning hududidagi Jumartqassab tepaligi, Mazlumxon Suluning yer osti maqbarasi va Shamun Nabi maqbarasi, Gyaurqal’a, Yerejep Xalifa masjidi va Madaminxon maqbarasi va boshqa qabrlar festivalning xorijlik qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri