Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning Dubay shahrida o‘tkazilgan boshqaruv kengashi yig‘ilishida milliy sportimiz kurashning vazn toifasiga yana bitta og‘irlik vazni qo‘shilgani e’lon qilindi.
IKA boshqaruv kengashidagi muhokamalar davomida so‘nggi yillarda kurash sportining xalqaro rivojida muhim ishlar qilinayotgani aytildi. Xususan, Xalqaro kurash assotsiatsiyasining AIMS a’zoligiga qabul qilinishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashkilotning amaldagi rahbari Stepan Fox tomonidan kurash sporti vaznlarini muqobillashtirish borasidagi takliflari asosida kattalar o‘rtasidagi vaznlar 16 taga yetkazilishiga kelishildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungacha kurash musobaqalarida kattalar o‘rtasidagi vazn toifalari 15 tadan iborat bo‘lib, uning 7 tasi erkaklar va 8 tasi ayol kurashchilarga tegishli edi.
– Erkaklar vazn toifasiga yana bitta vazn qo‘shish natijasida vaznlar soni 16 tadan iborat bo‘ladi. Ayni holat musobaqalarda ishtirok etadigan sportchilar sonining ortishiga, ularda g‘oliblik imkoniyati kengayishiga olib keladi, – deydi IKA rahbari Haydar Farmon.
Mazkur masalani ko‘rib chiqishda IKA vitse-prezidenti Mirabe Iliades, IKA bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriy va IKA Texnik direktori Ravi Kapur va boshqalar tomonidan bir nechta variantlar taklif qilindi.
Bildirilgan fikrlar asosida yangi vazn toifasi sifatida -120 kilogrammda to‘xtalindi. Sababi 100 kilogramm vazn toifasidan yuqori vaznlarda yangi vazn jiddiy o‘zgarishni yuzaga keltirmasligi inobatga olindi. 100 kilogrammdan kam vazn toifalarida esa bevosita ketma ketlik o‘zgarishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Bildirilgan fikr-mulohazalarga binoan Xalqaro kurash assotsiatsiyasining tegishli qarori ishlab chiqilishi belgilandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA