Kecha Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin Minsk shahrida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan uchrashib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Ozarbayjonga davlat tashrifiga tayyorgarlik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi, deb yozdi “Xovar” axborot agentligi.
Tojikiston yetakchisi Ozarbayjonga 2024-yilning may oyida borishi ma’lum qilingan.
Vazirlar shuningdek, may oyida Ozarbayjonda Tojikiston madaniyati kunlari, Tojikiston kinosi kunlari hamda Tojikiston-Ozarbayjon biznes anjumanini o‘tkazish bo‘yicha ham fikr almashishgan.
Muzokaralarda qator mintaqaviy va xalqaro masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.
***
Qozog‘iston qishloq xo‘jali vazirligi ma’lumot berishicha, mamlakatda yuz bergan suv toshqinlari tufayli 6,8 ming bosh qora mol nobud bo‘lgan. Ofat kuzatilayotgan hududlardan 102 ming bosh qora mol xavfsiz joyga olib o‘tilgan, 6,8 ming uy hayvoni nobud bo‘lgan, deyiladi “Kazinform” tarqatgan xabarda.
***
Qozog‘istonda yangi siyosiy partiya paydo bo‘lishi mumkin. Hozir mamlakatda yettita partiya ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, mamlakat Adliya vazirligi “Yntymaq” partiyasini ro‘yxatga olishga ruxsat berdi. Ular ushbu yo‘nalishda navbatdagi bosqichga o‘tdi va partiya tuzish bo‘yicha ishni davom ettirmoqda, — dedi Qozog‘iston adliya vaziri Azamat Yeskarayev.
O‘tgan yili deputatlar saylovoldi kampaniyasida rasman ro‘yxatga olingan yetti partiyaning barchasi ishtirok etgan edi, deb yozdi “Kazinform”.
***
Joriy yilning ikki oyi mobaynida Qirg‘izistonda o‘tkir gepatit virusi bilan kasallanish holatlari 3,9 barobarga ko‘paygan, deyiladi mamlakatning Davlat sanitariya epidimologiya nazorati idorasi tarqatgan ma’lumotda.
Hujjatda keltirilishida, ayniqsa gepatit A virusi bilan xastalanish ortgan va 3190 ta holat ro‘yxatga olingan. O‘tgan yilning shu davrida 755 ta holat ro‘yxatga olingan edi.
***
Ashxobodda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ochildi. Shuningdek, ikki davlat tadbirkorlarining biznes anjumani ham bo‘lib o‘tmoqda, deyiladi “TDH” saytida berilgan xabarda.
Tadbirda Afg‘oniston davlat tuzilmalari rahbarlari va mutaxassislari hamda 230 ta kompaniya va firma vakillaridan iborat katta delegatsiya ishtirok etmoqda. Anjumandan ko‘zlangan maqsad, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdan iborat.
***
Qozog‘istonda toshqinlar tufayli qariyb 98 ming kishi ko‘chirildi, deyiladi mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Toshqin boshlangandan buyon 97 ming 852 kishi, shulardan 32 ming 856 nafar bola qutqarilib, xavfsiz joylarga ko‘chirildi.
Hozirda 3 ming 524 ta xususiy turar-joy va 502 ta hovli hududlari suv ostida qolmoqda. Xabarda ta’kidlanishicha, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarga 170 ming 635 kilogramm gumanitar yordam jo‘natildi.
Mart oyida boshlangan suv toshqinlari tufayli Qozog‘istonning 10 ta viloyatida mahalliy miqyosda favqulodda vaziyat e’lon qilingan.
***
Boxtar shahrida Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasining (CNPC) neft va gaz loyihasini amalga oshirishga kirishildi, deb xabar tarqatdi Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi.
Loyiha Afg‘oniston-Tojikiston chegarasida joylashgan bo‘lib, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda yirik neft va gaz konlari mavjud. Xabarda aytilishicha, konlarning 40 foizi Tojikiston hududida joylashgan. Loyihaning birinchi qismi Tojikistonning janubi-g‘arbiy qismini Afg‘oniston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari tutashgan joyigacha qamrab oladi.
Loyiha Tojikistonning Xatlon viloyati Sarband shahridan boshlanadi. Loyihani amalga oshirish uchun 25 nafar yuqori malakali xitoylik texnik mutaxassislar va Tojikistonning 190 nafar muhandislari hamda yuzga yaqin zamonaviy texnologiyalar jalb etiladi.
S.Rahimov tayyorladi,
O‘zA