Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, mahallalarda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, yangi korxonalar qurilishiga start berish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini muhokama qilish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Birinchi manzil Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri bo‘ldi.

Forish hududi bo‘yicha viloyatda eng katta tuman. Lekin yerdan foydalanish samaradorligi ancha past edi. Adir va yaylovlarda, asosan, chorva boqilib, sanoat korxonasi yo‘q edi.

Yetti yil avval Forishga sanoat kirib keldi – Olmossoy konidan bazalt toshini qazib olib, undan tola tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Noyob, innovatsion texnologiya asosida qurilish sanoati uchun muhim bo‘lgan armatura va setkalar ishlab chiqarila boshlandi.

Davlatimiz rahbari 2019-yil yanvar oyida bu korxonaga tashrif buyurib, uning faoliyatni yanada kengaytirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Shu asosida bozordagi talab, xomashyo olinadigan konlar o‘rganildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalar keltirildi. Natijada 300 gektar maydonda umumiy qiymati 498 million dollarlik oltita loyiha tashkil etilib, korxona klasterga aylandi.

Davlatimiz rahbari xomashyo toshlari va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Klasterda yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili 45 ming tonna 554 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Ularga dunyoda talab yuqori. Mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.

Mutaxassislarning aytishicha, bazaltdan tayyorlangan qurilish materiallari zanglamaydi. Yengil, lekin mustahkam. Beton qorishmalarining ishqorli muhitiga, tuzli va kislota aralashmalariga chidamli. Devorga bazalt materiali ishlatish mustahkamlikni oshiradi, binoda issiqlikni yaxshi saqlaydi. Yonuvchan emasligi yana bir muhim tomoni. Shu bilan birga, mahsulot narxi ham nisbatan arzon.

Ushbu mahsulotlarni kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda qo‘llash bo‘yicha taqdimot qilindi.

Prezidentimiz buning afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Yangi davlatlarga sifat sertifikatlari olib, tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish, xalqaro qurilish va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Kelgusi yil klasterning korxonalaridan biri – “Basfiber treyd” tomonidan yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Hozirgi paytda 145 million dollarlik zarur uskunalar keltirilgan. Bu yangi loyiha asosida ishlab chiqarilgan mahsulot ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda, 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga shu yerning o‘zida 500 million dollarlik, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan 20 turdagi yangi loyihalarni joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Natijada qo‘shimcha 2 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Sharof Rashidov tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.

Viloyatda ilgari hech bunday keng ko‘lamli qurilishlar bo‘lmagan edi. So‘nggi yillarda o‘nlab zavodlar ishga tushirildi, yangi sanoat tarmoqlari paydo bo‘ldi. Shunga yarasha ijtimoiy infratuzilma ham barpo etilmoqda.

Sharof Rashidov tumanining bu hududi adir yonbag‘ri, undan deyarli foydalanilmas edi. Hozir 140 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Loyiha uch bosqichli bo‘lib, 3 ming 936 xonadonli 105 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Uylar 9, 12 va 16 qavatli bo‘lib, bu ham Jizzax sharoitida yangilik.

Ayni paytda birinchi bosqich doirasida 204 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy, markaziy qozonxona, shourum va ichki yo‘llar qurilgan. Yana 16 ta turar joy, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo markazi bunyod etiladi. “Innotexnopark” aholini ish bilan ta’minlashda qo‘l keladi.

Ikkinchi bosqich 2026, uchinchisi 2028-yillarga reja qilingan. Bunda uylardan tashqari mahalla markazi, poliklinika, masjid, mehmonxona, bolalar va sport o‘yingohlari, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etiladi. Bo‘sh maydonlarga ham daraxtlar ekilib, xiyobonga aylantiriladi.

Davlatimiz rahbari bu yil rejalashtirilganiga qo‘shimcha uylar qurib, imtiyozli ipoteka kreditlari orqali aholiga xarid imkoniyatini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shunga mutanosib ravishda infratuzilma tarmoqlari, maktab, bolalar bog‘chasi kabi ijtimoiy muassasalar qurilishini jadallashtirish, savdo va xizmatlarni, jumladan, yo‘l bo‘yida umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Jizzax viloyatida uchta shunday massiv barpo etilmoqda. Ularda 4 ming 700 xonadonga ega 156 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Aholi barcha ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlanadi. “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurish harakati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi farmoniga muvofiq boshlangan. Umuman, mamlakatimizda 53 ta massivda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 14 ming 400 ta xonadonli 409 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda bunday massivlarda 31 ming 447 ta xonadondan iborat 767 ta turar joylar qurilishi belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi Tuyoqli mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti va daromadlari bilan qiziqdi.

Mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyatlardan biri tomorqadan foydalanishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilandi.

Bunday omilkorlikni Tuyoqli mahallasida ham ko‘rish mumkin. 678 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqa bor. Ularning jami maydoni 36 gektar. Mevali daraxtlar, tok va sabzavotlar yaxshi hosil beradi. 314 ta xonadondagi issiqxonalarda poliz ekinlari va gul ko‘chatlari yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari shu yerlik Abdumo‘min Karimov xonadonini kirib ko‘rdi.

Uyning tomorqasi 12 sotix, shundan 7 sotixida issiqxona barpo etilgan. Bundan tashqari, chorva, tovuq, asalari boqiladi. Xonadon egasi ro‘zg‘orbop ekinlar yetishtirib, yiliga 200 million so‘mdan ziyod daromad olayotganini so‘zlab berdi.

– O‘rtacha mahalladagi shu oddiy xonadon misolida ko‘rayapmizki, oilaning o‘zida harakat bo‘lsa, yaxshi daromad topsa bo‘ladi. Aholi ixtiyorida tomorqalar, undan foydalanaman degan insonlar ham ko‘p. Faqat ularga yordam berish kerak. Masalan, mahalliy korxonalarni jalb etib, issiqxona qurilmalari, voish, asalari uyasi, ko‘chat, urug‘lik va ozuqalarni yaxlit to‘plam qilib, arzon narxda yetkazib berish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda «mahalla yettiligi» bilan suhbatlashdi. Joylardagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali oilalarning daromadini, xarid qobiliyatini oshirish haqida so‘z yuritildi. Bu ularning hayot sifatida, salomatligida, farzandlari kamolida aks etib, jamiyat rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Oldinlari Jizzax viloyati sanoat ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.

Viloyat sanoatini rivojlantirishda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi katta o‘rin tutmoqda. U mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada uchinchi, eksport hajmi bo‘yicha esa oltinchi o‘rinda turadi. Keyingi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, ishlab chiqarishga qulaylik kengaytirildi. Bugungi kunda sanoat zonasida 33 ta loyiha amalga oshirilib, 7 ming 670 kishi ishlamoqda.

“ADM Jizzakh” mas’uliyati cheklangan jamiyati sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. U 2021-yilda tashkil etilgan. O‘tgan uch yilda “Kia”, “Chery” hamda “Haval” brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan.

Loyiha doirasida 234 million AQSH dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, 1 ming 800 ta ish o‘rni yaratildi.

Birinchi bosqichda yirik uzelli yig‘uv yo‘lga qo‘yilgan edi. Bir vaqtning o‘zida zavodni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilib, joriy yil mart oyida yangi bino va quvvatlar ishga tushirildi. Ya’ni, yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ishni qamrab oluvchi ishlab chiqarish jarayoni tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonini atroflicha ko‘zdan kechirdi.

Korxona yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Ular Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan. Zavodda 30 ta robot bor, ishlab chiqarish jarayoni 33 foiz avtomatlashtirilgan. Avtomobilning yurish qismlari sozligi, statik va dinamik tormoz tizimini tekshirish jihozlari o‘rnatilgan.

Prezidentimiz zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, yurtimiz sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bu borada ishlar boshlangan. 2024-2027-yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda mamlakatimizdagi 21 ta korxona bilan kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Umuman, korxonada yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Natijada kelgusida ish o‘rinlari soni 3 mingga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Avtomobillar sifatini yanada oshirish maqsadida Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Vetnam davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etildi. Bu borada xorijiy hamkorlar bilan joriy yildan boshlab dastlab 50 nafar muhandis Janubiy Koreya hamda Xitoydagi tadqiqot va loyihalash markazlarida malaka oshirishga yuborilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari zavodda ishlab chiqarish boshlangan yangi “Kia Sonet” avtomobilini ko‘rdi.

Oxirgi besh yilda Jizzax viloyatiga 4 milliard dollardan ortiq investitsiyalar kirib kelgan. 50 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 861 million dollarlik eksport qilingan.

Bu yil viloyatda 2 milliard dollarlik 400 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda 11 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.

Davlatimiz rahbariga bu sohadagi rejalar taqdimot qilindi. Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar 6 milliard 100 million dollarlik 50 ta loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Loyihalar tog‘-kon, mashinasozlik, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika kabi talab yuqori sohalarda. Muhimi, ularning natijasida qariyb 20 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz investorlarga loyihalarni amalga oshirishda omad tiladi. Mutasaddilarga ularning ijrosini alohida nazoratga olish topshirildi.

O‘zbekiston Prezidenti Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining boshida barchani yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan tabriklab, xalqimiz manfaati yo‘lidagi harakatlarga xayr-baraka tiladi.

Ma’lumki, sanoat rivoji barqaror energetikaga bog‘liq. Shu bois bu ikki soha mutanosib rivojlantirilmoqda. Birgina 2023-yilda mamlakatimizda 4 ming 600 ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat 6 foizga o‘sib, 656 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Bu yil Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanadi. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30 foizga yetadi.

– Biz bu ishlarni xalqimizga munosib turmush sharoiti hamda sanoatimiz rivoji uchun uzluksiz energiya ta’minotini yaratish maqsadida amalga oshirayapmiz. Bu hamma hududlarda yaxshi an’anaga aylanib ulgurdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jizzax viloyatida ham bunday loyihalar ko‘p. Ulardan biri – G‘allaorol tumanida barpo etiladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, po‘lat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hududda bojxona ombori ham bo‘ladi. Jami 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ikkinchi loyiha – Forish tumanida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladigan quyosh elektr stansiyasi. 350 million dollarlik ushbu majmua 500 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Unda yiliga 1,1 milliard kilovatt soat “yashil” energiya hosil qilinadi. Bu 450 ming xonadonning energiya ta’minoti yaxshilanadi, degani. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvati shu yil yakunida tarmoqqa ulanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur ikki majmua qurilishini boshlab berdi.

Yaqin yillarda Sharof Rashidov, Forish va G‘allaorol tumanlarida yana 1 ming 660 megavattli issiqlik, shamol va quyosh elektr stansiyalari ham quriladi. Bular aholi turmush darajasini oshirib, iqtisodiyot rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev “BMB Holding” kompaniyasining Sharof Rashidov tumanidagi agrologistika majmuasini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi eksportining salohiyati yuqori. Bunda mahsulotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan agrologistika markazlari juda muhim.

“BMB Holding” kompaniyasining o‘tgan yil dekabrda ishga tushgan majmuasi ham shulardan biri. Bu loyihaning umumiy qiymati 57 million dollardan ziyod. Majmuada yiliga 10 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hamda 8 ming tonnani birlamchi qayta ishlash imkoni mavjud. 180 kishi doimiy ish bilan ta’minlagan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini va eksportga tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Logistika markaziga meva-sabzavot mahsulotlari Jizzax viloyati va qo‘shni hududlardan olib kelinadi. O‘tgan yili “BMB Holding” tizimidagi agroklaster tomonidan 1 ming 200 dan ortiq fermerdan shartnoma asosida 16 turdagi 52 ming tonnadan ortiq hosil olindi.

Joriy yilda Sayxunobod tajribasi asosida 2 ming 485 nafar aholi tomorqalari bilan kooperatsiya asosida shartnoma qilinadi. Shuningdek, 4 mingga yaqin fermer xo‘jaligining 14 ming 500 gektar maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Buning natijasida klaster negizida qo‘shimcha 32 mingtadan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Majmuada fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlash laboratoriyasi, bojxona hamda bank filiallari, xostel tashkil etilgan. Laboratoriya Rossiya, Xitoy, AQSH va Germaniya davlatlaridan keltirilgan 34 ta eng zamonaviy uskuna bilan jihozlangan.

Karantin xodimlari shu yerning o‘zida mahsulotlarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Muhimi, ular tomonidan rasmiylashtirilgan fitosanitar sertifikat 119 ta davlat tomonidan tan olinadi.

Bu kabi imkoniyatlarning mavjudligi korxonaning eksport salohiyati va geografiyasini oshirmoqda. Bugungacha Qozog‘iston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga qariyb 43 million dollarlik mahsulot yuborildi. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmini 58 million dollarga yetkazish reja qilingan.

Prezidentimiz bunday agrologistika markazlarini boshqa hududlarda ham ko‘proq tashkil etib, ularga muayyan dalalarni va mahallalarni biriktirish zarurligini ta’kidladi. Bu tadbirkor uchun yetarli mahsulot, aholi uchun kafolatli xarid imkoniyatini beradi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, 2017-yilda tashkil topgan kompaniya tarkibida bugun 4 ta qo‘shma va 26 ta sho‘ba korxona mavjud. Iqtisodiyotning turli jabhalarida qariyb 1 milliard 500 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi “BMB Opera Zafferano” qo‘shma korxonasi tomonidan 400 gektarlik za’faron plantatsiyasi yaratildi. Yetishtirilgan mahsulotlar USDA ORGANIC sertifikatiga ega bo‘lib, Italiya, Avstriya, Gollandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. AQSH bozoriga kirish uchun ham FDA ruxsatnomasi berilgan.

Kelgusi uch yilda bu loyihaning qiymati 80 million yevroga yetkazilib, za’faron yetishtirish hajmi 1,8 tonnadan 20 tonnaga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu rejalarni ma’qullab, za’faron maydonlari va eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida barpo etilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 16-noyabrdagi qaroriga muvofiq, kibersport turlari ommalashtirilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrida sobiq tennis korti binosi o‘rnida kibersport arenasi tashkil etildi. 1 ming 200 tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy zal zamonaviy holatga keltirildi. Shuningdek, bu yerda 12 ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.

Arena universal bo‘lib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo‘yicha xalqaro musobaqalarni, “Besh tashabbus” tadbirlarini ham o‘tkazish mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu yerda kibersport, shaxmat, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi.

– Bugun Jizzaxning ko‘p joylarida bo‘ldik, yangi loyihalarni boshladik. Albatta, viloyatning iqtisodiyoti, bunyodkorlik ko‘lami avvalgidan ancha yuqori. Lekin eng muhim yutuq – yoshlarimizning harakati, niyati, o‘ziga ishonchi. Biz belgilab olgan Strategiyani, katta marralarni shunday yoshlar bilan amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida so‘zlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar g‘oliblari bilan do‘stlik musobaqalari o‘tkaziladi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional sportga yo‘naltirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdujalol QAYUMOV,

O‘zA muxbirlari