Bugungi kunda mamlakatimizning nomdor professional bokschilari dunyoning turli davlatlarida o‘tkazilajak janglarda munosib natijalarga erishishga hozirlik ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, bugun Janubiy Koreyaning Puchxon shahrida tashkil etilayotgan boks oqshomida o‘zbekistonlik 8 nafar bokschi ishtirok etmoqda. Mazkur boks oqshomining ilk jangida havaskor boksda yuksak natijalarga erishgan Hasanboy Do‘smatovning ukasi Faryozbek Do‘smatov professional boksdagi debyut jangini filippinlik 28 yoshli Jover Amistosonga qarshi o‘tkazdi. Jangning birinchi raundidayoq raqibini nokautga uchratgan Faryozbek uchun katta janglarning eshigi ochildi deyish mumkin.
Shaxsan Hasanboy Do‘smatov haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, o‘tgan yilgi Osiyo o‘yinlarida “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bokschimiz shu kunlarda professional boksdagi navbatdagi jangiga hozirlik ko‘rmoqda.
Joriy yilning 14-aprel kuni Toshkentda IBA chempionlar oqshomi turnirida Hasanboy ispaniyalik Samuel Karmona bilan ro‘baro‘ keladi.
Professional boksda o‘z so‘zini aytib kelayotgan yana bir bokschimiz Otabek Xolmatov ertaga, 3-mart tongda AQSHning Nyu-York shtatida yarim yengil vazn toifasidagi WBA chempionlik kamari uchun amerikalik Raymond Ford bilan to‘qnash keladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA