Shu kunlarda futbol muxlislari, ayniqsa, o‘zbek ixlosmandlari qiziqarli va hayajonga boy o‘tayotgan uchrashuvlarning guvohiga aylanmoqda. Ayniqsa, terma jamoalarimizning o‘yinlari ularni quvontirayotgani shubhasiz.
Kecha poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida “JCH-2026” va “Osiyo kubogi-2027″ qo‘shma saralash bosqichi doirasida Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Eron termasini qabul qildi va jangovar 2:2 hisobida durang qayd etdi. Bu esa barchamizning kayfiyatimizni ko‘tardi, terma jamoamizga bo‘lgan ishonchimizni yanada oshirdi.
Ha, kecha futbolchilarimiz nimaga qodir ekanliklarini, mamlakatimiz futboli tobora yuksalib borayotgani va ular xalq e’tiboriga munosibliklarini isbotlab qo‘ydi. To‘g‘ri, o‘yin garchi durang bilan yakunlangan bo‘lsada, so‘nggi yillarda Erondek kuchli termalarga qarshi mag‘lub bo‘layotgan jamoamiz, o‘yin tizginini o‘z qo‘llariga olib, durang yoki g‘alaba qozona olishiga ishonmay qo‘ygan edik. Ushbu saralash bosqichining ilk Turkmanistonga qarshi o‘tgan o‘yinida ham terma jamoamiz birinchi bo‘lib o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishiga qaramasdan yakunda 1:3 hisobida g‘alaba qozongan edi. Albatta, Turkmaniston unchalik kuchli terma jamoa emas, deyishingiz mumkin. Ammo kechagi Eronga qarshi o‘yinda futbolchilarimiz kambekni amalga oshirib, boy berilgan o‘yinni qaytara olganliklari tahsinga loyiqdir. Ma’lumki, Eron – Yevropa va Amerika qit’asining har qanday jamoasi bilan teng kurasha oladigan jamoa va ular g‘alabani osonlik bilan boy berib qo‘ymaydi. Qayd etish kerakki, O‘zbekiston termasi 2009 yildan beri Eron bilan durang qayd etmagan edi va Eronni 2012 yilning 14 noyabr kuni “Ozodi”da Ulug‘bek Baqoyev tomonidan kiritilgan gol evaziga mag‘lub etgan. Shuningdek, O‘zbekiston termasi ilk marta bir o‘yinda Eron darvozasiga ikki bora yo‘l topdi. Bu o‘yinlar ta’kidlash kerakki, tarixda qoldi va umid qilamizki, ushbu muvaffaqiyat oldindagi ulkan marralar debochasidir.
Endi “E” guruhidagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tsak. Kecha guruhning ikkinchi turida Gongkong va Turkmaniston uchrashuvi ham 2:2 hisobida yakunlandi. Ushbu uchrashuvlardan so‘ng O‘zbekiston va Eron terma jamoalarining ochkolari 4 taga, Gongkong va Turmanistonning ochkolari esa 1 taga yetdi. Jadvalda Eron to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi o‘rinda, O‘zbekiston esa ikkinchi, Turkmaniston va Gonkong uchinchi hamda to‘rtinchi pog‘onadan joy olgan.
Shuningdek, mazkur saralash bosqichida qolgan terma jamoalar ham ikkinchi tur uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Jumladan, “A” guruhida Hindiston – Qatar 0:3, “B” guruhida Myanma – Shimoliy Koreya 1:6, Suriya – Yaponiya 0:5, “C” guruhida Xitoy – Janubiy Koreya 0:3, Singapur – Tailand 1:3, “D” guruhida Xitoy Taypeyi – Malayziya 0:1, Qirg‘iziston – Ummon 1:0, “F” guruhida Filippin – Indoneziya 1:1, Vetnam – Iroq 0:1, “G” guruhida Pokiston – Tojikiston 1:6, Iordaniya – Saudiya Arabistoni 0:2, “H” guruhida Nepal – Yaman 0:2, Bahrayn – BAA 0:2, “I” guruhida Falastin – Avstraliya 0:1, Bangladesh – Livan 1:1 natijalari qayd etildi.
Endi ushbu saralash o‘yinlarining 3-turi 2024 yilning 21-26 mart kunlari o‘tkaziladi.
Navbat yosh futbolchilarimizga
Хабарингиз bor, Indoneziya maydonlarida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati davom etmoqda. Unda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi pley-off bosqichiga chiqqan edi.
Bugun, 22 noyabr kuni Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari musobaqaning 1/8 finalida Angliya termasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 13:30 da start oladi. Jakarta shahridagi “Jakarta” stadionida o‘tadigan o‘yinni gonduraslik hakamlar brigadasi Selvin Braun, Jerson Orelyana, Emmanuel Agirre boshqarib boradi. Ularga to‘rtinchi hakam sifatida mavritaniyalik Daxane Beydaga yordam beradi. Mazkur o‘yinda hamyurtlarimiz ko‘k-oq libosda, darvozabon esa to‘q sariq libosda harakatlanadi.
Umid qilamizki, yosh futbolchilarimiz ham akalari kabi munosib o‘yin ko‘rsatib, o‘zbek futbol ixlosmandlarini quvontiradi.
Okean ortida nima gaplar?
“KONMEBOL”da Braziliya va Argentina uchrashuvi doimo keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tadi. Ushbu terma jamoalar raqobatlashsa, nafaqat futbolchilar, balki muxlislar o‘rtasida ham raqobat bo‘ladi.
Jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan Braziliya – Argentina uchrashuvi belgilangan vaqtdan 27 daqiqa o‘tib boshlandi. Rio-de-Janeyrodagi “Marakana” stadionida o‘tkazilgan o‘yin boshlanishi arafasida futbolchilardan oldin muxlislar bahslarni boshlab yubordi.
Ikki davlat madhiyalari yangrayotgan paytda uy va mehmon muxlislari ajratilmagan bo‘limda to‘qnashuv boshlandi. Politsiya esa muxlislarga nisbatan keskin chora ko‘rdi va muxlislarga qarshi tayoqlardan foydalandi. Shuningdek, Argentina terma jamoasi futbolchilari mojaroni bostirish maqsadida muxlislar sektoriga bordi. Mezbonlar sardori Markinos ham tomoshabinlarga yaqinlashdi. Ammo bu vaziyatga unchalik ta’sir qilmadi, muxlislar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuv taxminan o‘n besh daqiqa davom etdi.
Mehmonlar sardori Lionel Messi jamoadoshlariga jamoa maydonni tark etishi kerakligini ko‘rsatdi. Argentina terma jamoasi tribunalar ostidagi binolarga yo‘l oldi. Oradan 27 daqiqa o‘tib ushbu tartibsizlik butkul hal etildi va uchrashuv boshlandi.
Shiddatli tarzda o‘tgan o‘yinda Argentina terma jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yagona golga Otamendining 63-daqiqada mualliflik qildi. Shu tariqa, Argentina 3 ochkoni qo‘lga kiritib, turnir peshqadamligini saqlab qoldi. Braziliya esa 6-pog‘onaga tushib ketdi.
“Yevro-2024″ saralash bahslari ham qizg‘in pallaga kirdi.
O‘tgan turda katta rekordlar o‘rnatgan Fransiya bu turda ochko yo‘qotdi. Aniqrog‘i, Gretsiya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Niderlandiya esa Gibraltar ustidan safarda 0:6 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, “V” guruhida fransuzlar 22 ochko bilan 1-o‘rinda qoldi. Niderlandiya esa 18 ochko bilan ikkinchi pog‘onani egalladi.
Saralashning 10-tur uchrashuvlarining “D” guruhida Xorvatiya – Armaniston 1:0, Uels – Turkiya 1:1, “I” guruhida Ruminiya – Shveysariya 1:0, Andorra – Isroil 0:2, Kosovo – Belarus 0:1 uchrashuvlari qayd etildi.
Darvoqe, bugun Superliganing 25-turidan o‘rin olgan ilk uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unda Buxoroda “Buxoro” jamoasi “OKMK”ni qabul qiladi. Yana bir uchrashuvda esa “Turon” “Andijon”ni mehmon qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA