“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi matbuot xizmati tomonidan “Qaraqalpaq dәri-dәrmaq” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Bugungi kunda “Qaraqalpaq dәri-dәrmaq” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 19 nafar oliy ma’lumotli farmatsevt, 67 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli farmatsevt assistent hamda 43 nafar boshqa mutaxassislikka ega xodim ishlaydi.
“Qaraqalpaq dәri-dәrmaq” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli barcha davolash-profilaktika muassasalarini hamda ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlarni dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlab kelmoqda. Jamiyat tomonidan respublikaning barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida 83 ta ijtimoiy dorixona tashkil etilgan. Jamiyatning 2023 yil 6 oyi davomida tovar aylanmasi jami 6 milliard 109 million 188,7 ming so‘mni, jumladan, ulgurji savdo 2 milliard 878 million 922,4 ming so‘mni, chakana savdo 3 milliard 230 million 266,3 ming so‘mni tashkil etadi. Joriy yilning 6 oyi davomida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan 1,7 milliard so‘mga dori vositasi sotib olindi.
Farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy korxonalar GDP – Zarur distribyutorlik amaliyoti talablariga javob berishi lozim. Jamiyat “Zarur amaliyotlar markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan 2023 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi davlat standarti “Oz Dst 2764:2018 “Yaxshi distribyutorlik amaliyoti – GDP” davlat standarti talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat oldi. Jamiyat omborxonasi GDP standarti bo‘yicha faoliyat yuritmoqda, buning uchun jamiyatda barcha shart-sharoit yaratilgan.
“Qaraqalpaq dәri-dәrmaq” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4 ta maxsus jihozlangan “Ko‘chma dorixona”lar tashkil etilgan bo‘lib, bular orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis, chekka hududlarida yashayotgan aholiga zarur dori vositalari arzon narxlarda sifatli yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda ushbu “Ko‘chma dorixonalar” belgilangan tartibda shahar va tuman hokimlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida respublikaning barcha hududlariga, jumladan, olis Mo‘ynoq tumanining “Shege”, “Shag‘irli”, “Porlitau”, “Ush say”, “Hakim ota” ovul fuqarolar yig‘inlariga, Chimboy, Taxtako‘pir, Qo‘ng‘irot, Beruniy, Amudaryo, To‘rtko‘l tumanlariga hamda Nukus shahrining chekka hududlari bo‘lgan “Bes tobe” va “Qos kol” mahalla fuqarolar yig‘inlariga borib, aholiga xizmat qilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari mas’uliyati cheklangan jamiyatda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev(surat-video),
O‘zA muxbirlari.