2023 yil 4-8 sentyabr kunlari YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohat” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Atoqli olim, mutafakkir tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan loyiha tashkilotchisi – O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi.

Fransiyaning mashhur “La Gazette”, “Le Club de Mediapart” va “Musulmans en France” nashrlarida e’lon qilingan mazkur xalqaro ko‘rgazmaga oid turkum maqolalarda YUNESKO zamonaviy O‘zbekiston hududida 973-1052 yillarda yashab o‘tgan buyuk astronom, olim, matematik, tarixchi, geograf hayoti va ijodini taqdim etayotgani aytilgan.

– Ssenografiyaning vizual qismi, multimedia installyatsiyasi hamda qo‘lyozmalar nusxasi orqali mehmonlar Beruniyning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishadi, allomaning o‘rta asrlar ilm-fani taraqqiyotini belgilab bergan, hozirgi kungacha ham ahamiyatini yo‘qotmagan sayohat, kashfiyot va izlanishlari haqida batafsil ma’lumot olishadi, – deb yozadi muallif.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida o‘zbek san’ati ustalari tomonidan namoyish etilgan madaniy dasturda Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri tomonidan Dmitriy Yanov-Yanovskiyning “Zij – Music of Constellations” asari prem’erasi taqdim etiladi. Ushbu musiqiy asar muallif tomonidan Sharqning to‘rt buyuk shaxsi – Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bekka atab yaratilgan.

“La Gazette” nashri fransuz mushtariylarini Beruniyning tarjimai holi bilan tanishtirib, olim astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix, etnografiyaga oid ko‘plab asarlar yozib, ushbu fanlar rivojiga salmoqli hissa qo‘shganini yozgan.

Maqolalarda mazkur loyiha Yevropa jamoatchiligiga atoqli olim haqida ko‘proq ma’lumot olish, uning butun insoniyat intellektual mulkiga qo‘shgan beqiyos hissasini anglash, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy aloqalari, zamonaviy ilmiy tushunchalarni shakllantirish va rivojlantirishdagi o‘rniga yangicha qarash imkonini berishi ta’kidlangan.

– Umumiy maydoni 400 kvadrat/metrdan ziyod ko‘rgazmada Beruniy qo‘lyozmalari sahifalarini yuqori sifatda ko‘rish imkonini beradigan interaktiv multimedia proyeksiyasi bilan birga olim hayotiga oid qisqa videorolik ham namoyish etiladi, – deb yozgan Fransiya OAV.

– Ekspozitsiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti mutaxassislari tomonidan Abu Rayhon Beruniy qo‘lyozmalarining Fransiya Milliy kutubxonasi kolleksiyasidan tayyorlangan nusxalari alohida o‘rin tutadi.

O‘zA