Shu kunlarda Germaniyaning Duysburg shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkazilmoqda.

“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon chempionatining ilk kunida terma jamoamiz a’zolaridan kanoechimiz Artur Guliyev 200 metr masofa bo‘yicha kechgan bahsda o‘z guruhida birinchi bo‘lib “A” finaliga yo‘l oldi.

Shuningdek, Gulbahor Fayziyeva va Nilufar Zokirova juftligi ushbu masofada kechgan saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, “A” finalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

500 metr masofada o‘tkazilgan bahslarda yurtdoshlarimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri “A” finaliga yo‘l olisholmadi. Fayziyeva/Zokirova dueti, shuningdek, Yekaterina Shubina, Yuliya Borzova, Arina Tanatmisheva hamda Kamila Malaxovadan iborat baydarkachi qizlarimiz yarim final orqali medallar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Ushbu dasturlardagi final poygalari ertaga, 25 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Jahon chempionati musobaqalari 27 avgustga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA