Joriy yilning 4-6 avgust kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha “Masters” turkumiga kiruvchi turnirda iqtidorli polvonimiz Muzaffar To‘raboyev barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Dzyudochimizning bu g‘alabasi mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan avlod voyaga yetayotganini butun dunyoga yana bir karra namoyon etdi.
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, chekka hududlarda ham zamonaviy sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari foydalanishga topshirilayotgani navqiron avlod orasidan ana shunday iqtidorli sportchilar yetishib chiqishida muhim omil bo‘layotir.
Muzaffar To‘raboyev 2000 yili Surxondaryoning Boysun tumanida tavallud topgan. Oiladagi muhit Muzaffarda bolaligidan sportga qiziqish uyg‘otdi. U dastlab otasidan kurash va dzyudoning sir asrorlarini o‘rganadi va 13 yoshidan poytaxtimizdagi Olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga kiradi. Bu yerda tajribali murabbiy Ulug‘bek Azizov qo‘l ostida shug‘ullana boshlaydi. Shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblangan polvonimiz 2014 yilda Qarshi shahrida o‘tgan turnirda o‘zining ilk medalini qo‘lga kiritadi.
Dzyudochimiz shu kunga qadar o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatlarida bir necha bor shohsupa to‘ridan joy oladi va kelgusida bundanda katta marralarni zabt etish ishtiyoqida mashg‘ulotlarni davom ettiradi. Mutaxassis va murabbiylar Muzaffar kelgusida yuqori marralarni zabt etishidan umid qiladi va ular 2017 yili yosh polvonimizni terma jamoa safiga qo‘shadi.
Terma jamoada o‘z mahoratini oshirgan M.To‘raboyev o‘sha yilning o‘zida Chirchiq shahrida o‘tgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida, Bishkekda o‘tgan kadetlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida shohsupaning uchinchi o‘rnidan joy oladi.
2019 yili poytaxtimiz mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining 90 kilogrammgacha vaznida barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritadi. 2019-2020 yillar davomida kattalar o‘rtasida o‘tgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib tajriba to‘playdi. 2021 yili Gruziyaning Tbilisi shahrida va Toshkentda o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirlarida, Bishkek shahri mezbonlik qilgan Osiyo va Okeaniya chempionatida bronza medallari sohibiga aylanadi.
2022 yil sportchi uchun eng omadli va natijador yil bo‘ldi. U fevral oyida Parij shahrida o‘tgan Gran-pri turnirda bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, avgustda Turkiya mezbonlik qilga Islom birdamlik o‘yinlarida oltin medalni delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘yadi. Bu g‘alabalar ortidan Muzaffarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi va oktyabr oyida poytaxtimiz mezboniligida o‘tgan jahon chempionatining 100 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etadi. U musobaqaning hal qiluvchi final jangida kanadalik Kayl Reysni mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioniga aylanadi.
Joriy yilda ham u turli musobaqalarda ishtirok etib, kelgusi musobaqalar uchun tayyorgarlik ko‘rdi. Avgust oyining dastlabki kunlarida Vengriyaning Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha “Masters” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda iste’dodli sportchimiz Muzaffar To‘raboyev 100 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. U mazkur medalni qo‘lga kiritgunga qadar ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Lukash Krpalek(Chexiya), Sheydi Elnaxas (Kanada), Mixael Korrel (Niderlandiya), Boyan Dosen (Serbiya) va Peter Paltchik (Isroil) kabi sportchilarni mag‘lub etdi.
E’tiborlisi, yilda bir marta o‘tkaziladigan “Masters” musobaqasida hamyurtlarimizdan so‘nggi bor mahoratli dzyudochimiz Rishod Sobirov 2011 yili ushbu turnirning oltin medalini qo‘lga kiritgan edi. Oradan 12 yil o‘tib, bu marrani dzyudochilarimiz orasida Muzaffar zabt etdi.
– Musobaqalarda g‘alaba qozonishimda xalqimizning menga bo‘lgan ishonchi, murabbiylarimning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi asosiy omil bo‘ldi. Kelgusida bundanda yuqori natijalarga erishib, Vatanimiz sharafini yanada yuksaltirishda bor kuchim va mahoratimni ishga solaman, – deydi M.To‘raboyev. – To‘g‘risini aytsam, “Masters” turnirida 12 yillik tarixni takrorlaganimni g‘alaba qozonib, shohsupaga ko‘tarilganimdan so‘ng bildim. Bundan xabarim yo‘q edi.
Xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlayotganimdan fahrlanaman. Umid qilamanki, Osiyo o‘yinlarida ham shohsupa to‘ridan joy olaman.
Muzaffar To‘raboyev ayni kunlarda Samarqand shahrida terma jamoamiz safida navbatdagi musobaqalarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tinimsiz mehnat, g‘alabalardan havolanmay, yana mashg‘ulotlarga zo‘r berish haqiqiy chempionlarga xosdir. Umid qilamizki, dzyudochimiz Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri