Zo‘ravonlik – nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan mamlakatlarda ham uchrashi mumkin. Bu muammoga barham berish maqsadida dunyo bo‘ylab jiddiy choralar ko‘rilmoqda.

Poytaxtimizda “O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olishning dolzarb masalalari” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada shu xususda so‘z bordi.

–Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik, avvalo, inson huquqlariga putur yetkazadi, – dedi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi O.Parpiboyeva. – Jamiyatimizdagi eskicha qarashlardan, stereotiplar va kamsitishlardan voz kechish vaqti keldi. Bu borada zo‘ravonlik sodir etganlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq jazo borligini tushuntirish maqsadida keng qamrovli ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borish zarur. Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish kerak.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi.

Qonun bilan xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining oldini olishning kuchli tizimi yaratildi hamda bunday turdagi harakatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Shuningdek, oiladagi zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi. O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikni qonunga alohida jinoyat sifatida kiritgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga da’vo arizalar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilindi.

Qo‘mita vakillari xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida shu kunga qadar 142 sud jarayonida bevosita ishtirok etdi. Natijada 15 nafar xotin-qiz kafillik asosida muddatidan oldin jazodan ozod etildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda oilani mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritmoqda.

Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan amaliy sa’y – harakatlar natijasida joriy yilda 18 mingdan ziyod xotin-qiz davlat himoyasiga olindi, ya’ni ularga himoya orderi berildi.

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan har bir xotin-qiz bilan individual ish olib borish natijasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati 2023 yil 6 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga kamaydi.

Himoya orderi berish natijasida 8 mingga yaqin oilani yarashtirishga, 9 ming 720 nizoni bartaraf etishga erishildi. Rasmiylashtirilgan 3 ming 454 himoya orderi bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA