Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Vazirlar Mahkamasining “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida ob’ektlarning qurilish jarayonida pudrat tashkilotining ichki nazorati, loyiha tashkilotining mualliflik nazorati, buyurtmachi tashkilotining texnik nazorati va inspeksiyaning davlat nazorati amalga oshirilishi qayd etildi. Shuningdek, ob’ektga olib kelingan qurilish materiallari va buyumlar sifati ham nazorat qilinadi.

Barcha ko‘p qavatli uylar tegishli loyiha hujjatlari asosida quriladi va ularning qat’iy nazorati olib boriladi.

– Vazirlar Mahkamasining “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekistonda ko‘plab binolar, ayniqsa, yakka tartibdagi uylar qurilish norma va qoidalarini hisobga olmagan holda qurilgani sababli uy-joy qurilishi ob’ektlarining 70 foizi seysmik barqaror emas, deyilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish loyihalari soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqilgan. Bu yerda gap yerli xonadonlar, ya’ni hovlilar qurilishi haqida ketmoqda. Ularni esa xonadon egalari o‘z imkoniyatidan kelib chiqib quradi. Mazkur uylarda konstruktiv yechimlarning aks ettirilishi talab etilmaydi va ushbu loyihalar ekspertizadan o‘tkazilmaydi, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.

Qurilish materiallarini tanlash, ularni tegishli normativ hujjatlarga muvofiq ishlatish qurilishni amalga oshiradigan fuqarolar zimmasida bo‘ladi. Mazkur loyihalar tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki elektron portal orqali kelishiladi. Shuni yodda tutish kerakki, yakka tartibdagi uy-joylar (ya’ni o‘zi istiqomat qilayotgan uylar)ni sifatli qurish avvalo, uy egasining zimmasidagi birlamchi vazifa hisoblanadi.

Vazirlik huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi har bir ko‘p qavatli uyning loyiha asosida barpo etilishini nazorat qiladi. Loyiha-smeta hujjatlaridan chiqish holatlari kuzatilsa, uy inspeksiya tomonidan qabul qilinmaydi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA