Xizmatlar sohasini rivojlantirish ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Xizmatlarning xilma-xilligi aholining hayot sifati va farovonligini yaxshilash imkonini beradi.

“O‘zmilliybank” AJ Jizzax viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan ham hududda servis tarmog‘ini   kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga alohida  e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjatga ko‘ra, viloyatda  keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.

Jumladan, o‘tgan 2022 yilda 1822  yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi.  2 453 yangi loyihalar ishga tushdi. Tadbirkorlar tomonidan qariyb 8 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 121 fobzga o‘sib, 4 million so‘mdan 5,5 million so‘mga yetdi.

Shuningdek, o‘tkazilgan chora-tadbirlar natijasida jami 5,5 mingta tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi hisobiga 12 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etildi. Shu bilan birga, faoliyatini norasmiy sektordan rasmiy sektorga o‘tkazish orqali ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. E’tiborlisi, xizmat ko‘rsatish sohasida 34 ming kishi o‘zini o‘zi band qilgan.

Aytish joizki, o‘tgan 2022 yilda viloyatda xizmatlar sohasida O‘zmilliybank  va tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 818,3 milliard so‘m kredit ajratildi. Mazkur mablag‘lar asosan xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish,  savdo sohasini rivojlantirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirishga qaratildi.

“O‘zmilliybank” AJ Jizzax viloyati filiali tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

“Jizzax ko‘z shifo” MCHJ ga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida uskuna va jihozlar sotib olish uchun 1 milliard  745 million 300 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Bugungi kunda ushbu markazda bemorlar ko‘z kasalligi bo‘yicha ambulator sharoitda davolanmoqda. Yengil hamda og‘ir turdagi jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Ushbu loyiha asosida 10 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Jizzax viloyatida turizm yo‘nalishi ham yildan yilga rivojlanmoqda. Baxmalning o‘ziga xos tabiati, Zomin manzaralari  nafaqat mahalliy, chet ellik sayyohlarni ham o‘zi rom etmoqda. “O‘zmilliybank” AJ Jizzax viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan  bu yo‘nalishda ham bir qator istiqbolli loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Jumladan, “Zomin O‘riklisoy o‘quv maskani” MCHJ ga dam olish maskanini tashkil etish uchun  ajratilgan 2 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i  o‘z samarasini bermoqda. Mazkur loyiha asosida tashkil etilgan dam olish maskanida 15 kishi doimiy ishli bo‘ldi.

– Faoliyatimizning debochasi yaxshi boshlandi, –deydi muassasa rahbari Anvar Normatov. –Jizzaxning betakror tabiatini biladiganlar, undan huzur olish va tabiat qo‘ynida maroqli hordiq chiqarish uchun bizning maskanni tanlamoqda. Qo‘shni davlatlardan kelayotganlar safi ham tobora kengaymoqda. Kelajakda faoliyatimizni  rivojlantirish, xizmat turlarini  yanada takomillashtirishni rejalashtirganmiz. Bu borada O‘zmilliybank ko‘magidan foydalanamiz.

Ta’kidlash joiz Jizzax viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida joriy 2023 yilda ham maqsadli parametrlar belgilab olingan. Jumladan,  1,5 mingta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish,  56 ming kishini ish bilan ta’minlash,  9,8 trillion so‘mlik xizmat ko‘rsatish hajmiga erishish, 2382 yer maydonlari, shundan 1 073 ko‘chma savdo ob’ektlarini tashkil etish, 1510 tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun auksion savdolariga chiqarish belgilangan.

Shular bilan bir qatorda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida, jami loyiha qiymati 2,9 trillion so‘m, shundan bank krediti 1,6 trillion so‘m bo‘lgan 340 xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Yil yakuniga qadar xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida sohadagi korxonalarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, yangi loyihalarni xorijiy tajribalar asosida joriy etish, ularni moliyaviy tarafdan qo‘llab-quvvatlash kabi tizimli islohotlar davom ettiriladi. Muxtasar qilib aytganda, Jizzax viloyatining servis tarmog‘ida ulkan imkoniyatlar mavjud. O‘zmilliybank esa bu borada ishbilarmonlarni doimo moliyaviy qo‘llab -quvvatlashga tayyor.

“O‘zmilliybank”AJ  

Matbuot xizmati,  

O‘zA