O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha huquqiiy eksperimentni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, Toshkent shahrida 2027 yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash tartibi joriy etiladi.

Toshkent shahri va tumanlar hokimliklari hamda ular tarkibidagi korxona va muassasalarga tegishli mulklarning hisobini yuritish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish doirasida 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat organlari axborot tizimlaridagi munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga yuklanadi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab munitsipal mulklarning har biriga nisbatan “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati takliflari asosida Toshkent shahri hokimligi tomonidan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari belgilanadi va ularning bajarilishi Kompaniya tomonidan monitoring qilinadi.

Toshkent shahrida joylashgan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari hamda kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdorlari har yili 31 dekabrgacha Toshkent shahri hokimligi tomonidan bozor tamoyillari asosida belgilanadi. Qarorga ko‘ra, ijara to‘lovlarining miqdori oldingi yil uchun belgilangan minimal ijara summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim bo‘ladi.

Yer uchastkalarini qurilish uchun tegishli ruxsat berish va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda tayyor biznes shaklida tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun auksion savdolariga chiqarish tartibi joriy etiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab yangi ob’ektlarni loyihalashtirishda ularning qavatlari sonini mazkur hududning bosh rejasida (batafsil rejalashtirish loyihasida, master rejada yoki qurish loyihasida) belgilangan parametrlardan (qavatlar sonidan) 1,5 baravargacha oshirishga ruxsat etish tartibini joriy etiladi.

Toshkent shahrida joylashgan gaz, suv, issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti hamda chiqindilarni olib chiqib ketish korxonalari va ularning filiallari faoliyati boshqaruv organlari bilan hamkorlikda muvofiqlashtiriladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari axborot tizimlarini “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga integratsiya qilish orqali muammolarni aniqlash va tezkor hal etish tizimi joriy qilinadi.

 

O‘zA