Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin sobiq rahbari Sin Ganning ishdan bo‘shatilishi sababi va tafsilotini aytishdan bosh tortdi. U ayni mavzudagi savolga “Sinxua” agentligining avval e’lon qilingan xabarlariga e’tibor qaratishingiz kerak”, deya javob qaytargan.

“Sinxua”ga hech nima qo‘shimcha qilolmayman”, degan diplomat.

G‘arb jurnalisti o‘sha xabarda to‘liq ma’lumot keltirilmaganini aytib, masalaga aniqlik kiritishni so‘raganda “Menda boshqa ma’lumot yo‘q”, degan javob bo‘ladi matbuot kotibidan.

Oxirgi bir oy davomida Sin Gan omma oldida ko‘rinmadi. Diplomat o‘tgan yil dekabr oyi oxiridan boshlab mamlakat tashqi siyosat idorasini boshqarib kelayotgan edi. Kecha Butunxitoy xalq vakillari kengashi (parlament) Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi qo‘mitasi qarori bilan u egallab turgan lavozimidan olingan. Shu kuni TIVning veb-sahifasi va “WeChat” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasidan Sin Gan nomi qayd etilgan barcha axborotlar olib tashlangan. Kechaning o‘zida 2013-2022 yillar davomida vazirlikni boshqargan Van I mazkur lavozimga qayta qo‘yildi.

O‘zA