Misrning Iskandariya shahrida zamonaviy beshkurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida yakuniga yetgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar a’zosi yurtimiz sharafini himoya qildi.

Eng yuqori natijani Samira Abzalova  qo‘lga kiritdi. Saralashda to‘rtinchi natija bilan finalga yo‘l olgan hamyurtimiz barcha bosqichlar yakunida 1166 ochkoga ega bo‘lgan tarzda, 28-o‘rindan joy oldi.

Qilichbozlikning yigitlar o‘rtasidagi  final bosqichida qatnashgan Asliddin Baxtiyorov tomoshabinlar safidan joy olishga majbur bo‘ldi. Terma jamoamiz a’zosi Kira Soyning saralashda to‘plagan ballari esa final bosqichi uchun yetarli bo‘lmadi.

Aytish lozim, hamyurtlarimiz ushbu sport turidagi rasmiy musobaqalarda endi-endi ishtirok etib kelmoqda. Shunday bo‘lsa-da, atletlarimiz “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarida debyut qilishgan edi.

Eslatib o‘tamiz, zamonaviy beshkurashchilarimiz ayni paytda “Parij-2024” Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqda. Misrdagi musobaqalar esa to‘rt yillik o‘yinlarga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA