Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 3-11 iyul kunlari Birlashgan Arab Amirligining Al-Ayn shahrida 80 mamlakatdan jami 310 nafar o‘quvchi ishtirok etgan 34-Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik 3 nafar o‘quvchi bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Qayd etilishicha, g‘olib o‘quvchilarimiz Behruz Tursunov, G‘olibjon Sharifov, Muhammadibrohim Egamberdiyevga 3-o‘rin (bronza medal) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 million so‘m), ustoziga 150 baravar (49,5 million so‘m) pul mukofotlari beriladi.

Shuningdek, oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga BHMning 500 baravari (165 mln so‘m), ustoziga 450 baravari (148,5 mln so‘m), kumush medal uchun — o‘quvchi BHMning 300 baravar miqdori (99 mln so‘m), ustoziga 250 baravar (82,5 mln so‘m) pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, Xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga imtiyoz bilan grant asosida o‘qishga qabul qilinib, keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan taqdirda lavozim maoshiga 150 foiz har oylik ustama oladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA