Parij shahrida para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatining dastlabki kunida terma jamoamiz vakillari ikki medalga sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida T11 klassida uzunlikka sakrash bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Asila Mirzayorova 5,13 metr natija qayd etdi va yakunda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Kubaro Hakimova 9,83 metr natija bilan kumush medalni terma jamoamiz zaxirasiga qo‘shib qo‘ydi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Asila Mirzayorova hamda Kubaro Hakimova jahon chempionatidagi ushbu natijalari orqali kelgusi yil Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Paralimpiya o‘yinlari litsenziyasiga ega bo‘ldi.

Bu para yengil atletikachilarimiz orasida “Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlari uchun dastlabki litsenziya hisoblanadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA muxbiri