“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida o‘tkazilayotgan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yangi O‘zbekiston – inson qadri e’zozlanadigan diyor” shiori ostida “Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida milliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro anjuman tashkil etildi.
Chet ellik nufuzli mehmonlar, O‘zbekistondagi xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, 150 nafar mahalliy rahbar ayollar va faol xotin-qizlar ishtirok etdi.
Shuningdek, “EVENT-XOLL”da xalqaro e’tirofga ega bo‘lgan o‘zbek brendlarining modalar namoyishi, xalqaro va milliy tadbirkorlar, ekspertlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.
Forumda chet eldan xalqaro ayollar ishlab chiqarish va savdo federatsiyasi rahbarlari, Zargarlik va moda brendlari konsultantlari, Yevroosiyo dizaynerlar assotsiatsiyasi Prezidenti kabi biznesda katta yutuqlarga erishgan spikerlar o‘z tajribalarini ishtirokchilarga ulashdi. Shu bilan bir qatorda xalqaro va milliy tadbirkorlarning B2B formatdagi uchrashuvlari, loyihalar muhokamalari tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va boshqalar xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha islohotlar xususida so‘z yuritdi.
Xalqaro anjumanda qayd etilishicha, ayollarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida xalqaro standartlar va huquqni qo‘llash amaliyoti yanada takomillashtirildi.
Gender siyosatining turli sohalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Xotin-qizlarning jamiyat hayotida muhim qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini yanada oshirish, ularni iqtisodiy imkoniyatlari va tadbirkorligini rivojlantirish uchun hamkorlik rejalari tasdiqlandi.
Anjumanda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, innovatsiya, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash borasida yangi loyiha va dasturlarni tayyorlashga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA