Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, tarjimon Yangiboy Qo‘chqorov bilan suhbat
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori turkiy xalqlar va Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, tamadduni, tili, adabiyotining uyg‘un ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
– Juda to‘g‘ri. O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq xalqlari adabiyoti tarixi ham bir necha azim chinorning bir-biri bilan tutashib ketgan ildizlariga o‘xshaydi. Masalan, Qoshg‘ariy davrida Muyten shoir, Sayfi Saroyi davrida So‘pposli Sipira shoir, Lutfiy davrida Asan shoir ijod qilishgan. E’tirofga loyiq jihati shundaki, Muyten shoir merosini, So‘pposli Sipira jirov termalarini va Asan Qayg‘u aytishuvlarini qoraqalpoqlar ham, qozoqlar ham, qirg‘izlar ham birdek sevadilar. Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida Chingiz Aytmatov fenomeni butun Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviyati zaminida shakllanib, asarlari jahonning 128 mamlakatida 176 tilda chop etildi.
Biz siz bilan Chingiz Aytmatov va qoraqalpoq adabiyoti mavzuida suhbatlashmoqchimiz. Shu o‘rinda Chingiz Aytmatovni yoinki adabiy janr borasida uning zabardast zamondoshi To‘lepbergen Qaipbergenovni qirg‘iz va qoraqalpoq adabiyotining umumiy taraqqiyotidan ajratib olishning imkoni yo‘q. Ajiniyoz va Berdaq bilan To‘g‘aloq Mo‘lla va To‘qtag‘ul, Jo‘lmirza Oymirzayev va Tleubergen Jumamuratov bilan Aali To‘qumboyev va Aliqul Usmonov, Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qaipbergenov bilan Chingiz Aytmatov va Tugelboy Siddiqbekovlarning ko‘p qirrali ijodiyoti bir-biriga hamohangdir.
– Siz qoraqalpoq va qirg‘iz adabiyoti yirik vakillarining nomlarini bejiz keltirganingiz yo‘q. Qoraqalpoq kitobxoniga To‘qtag‘ul adabiy merosi qanchalar qadrli bo‘lsa, qirg‘iz badiiy so‘z muxlisiga Berdaq she’r va dostonlari ham shunchalar ardoqlidir.
– Men bu o‘rinda ikki adabiy anjumandan qiyos olmoqchi edim. Gap shundaki, Chingiz og‘a 1977 yilning erta ko‘klamida Nukusga, ulug‘ Berdaq tavalludining 150 yillik ma’rakasiga keldi. Uning aziz do‘sti, ustoz Ibroyim og‘a Yusupov esa 1989 yilning 4 oktabrida buyuk To‘qtag‘ul tavalludining 125 yillik tantanasida ishtirok etdi. Chingiz og‘a ustozimizni o‘zi, atoqli so‘z zargarlaridan rus – Mixail Dudin, bolqor –Qaysin Quliyev, boshqird – Mustay Karim, qalmoq – Dovud Qo‘g‘ultinov, avar – Rasul Hamzatov, qozoq – Muhammadjon Qoratoyev, o‘zbek – Abdulla Oripovlardan iborat do‘stlari davrasiga olib kirdi.
Ibroyim og‘a qirg‘iz xalqiga, xususan, ardoqli do‘sti Chingiz Aytmatovga o‘nga yaqin she’r bag‘ishlagan. Ijozat etsangiz, “Qirg‘izlarga” nomli she’ridan bir band keltirib o‘tsam:
Ikki Chingiz egalladi elimni,
Birini men yoqtirmayman o‘lguncha.
Ikkinchisin – ochib yurak to‘rimni,
Sog‘inaman, oshiqaman ko‘rguncha.
Chingiz og‘a Berdaq tavalludining 150 yilligi tantanasida qatnashgach, ertasiga To‘rtko‘lda kitobxonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘shanda bolalar ijodiyot markazi rahbari D.Seyitniyozova, 1-maktabning faol o‘quvchisi I.Matyoqubov adibning savollariga burro-burro javob qaytargan edi. Islombek “Men “Alvido, Gulsari”ni o‘qiganimda otning ko‘zlaridagi iztirobni ko‘rdim!” deganida adib uning boshini silagan, Zulxumor ismli o‘quvchi “Sarvqomat dilbarim” qissasi haqidagi taassurotlarini aytib bergan edi. Hali kunlar isimagani uchun Chingiz og‘a qunduz mo‘ynali aylana telpakda edilar. Nim tabassumli yuzidan nur yog‘ilib turardi. Oradan 20 yil o‘tgach, “Turkiston” saroyida, qoraqalpoq shoiri Abilqosim O‘tepbergenov va aziz inimiz Iqbol Mirzoni maqtaganida ham uning chehrasida o‘sha nurni ko‘rganman. Adibning O‘zbekistonga, Qoraqalpog‘istonga har bir poyqadami bayramga aylanardi.
– Ko‘pchilikka ma’lumki, siz Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari sifatida qoraqalpoq yozuvchilarining asarlarini o‘zbek kitobxoniga yetkazishda barakali ishlarni bajarib kelyapsiz. Keyingi vaqtda qardosh qozoq adabiyotidan tarjimalar qilib, kitoblar tayyorladingiz. Bu, albatta, o‘ttiz yil davomida qoraqalpoq adiblariga yetakchilik qilgan atoqli adib To‘lepbergen Qaipbergenov tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ishlar. To‘lepbergen og‘a bilan Chingiz og‘aning do‘stligi xususida nimalar deya olasiz?
– Bu ikki do‘st adabiyot olamiga bir vaqtda kirib kelishgan. To‘lepbergen og‘aning ilk qissasi – “Sekretar” 1956 yilda “Amudaryo” jurnalida, Chingiz og‘aning birinchi povesti – “Yuzma-yuz” 1957 yilda “Olatov” jurnalida bosilgan edi. T.Qaipbergenov 1959 yilda “Rahmat, muallim” qissasini e’lon qilgan bo‘lsa, 1961 yilda Ch.Aytmatov shu mavzudagi “Birinchi muallim” qissasini chiqaradi. Chingiz og‘a uni jahonga mashhur qilgan “Jamila” qissasida qirg‘iz ayolining mashaqqatli hayotini tasvirlasa, To‘lepbergen og‘a “Qoraqalpoq qizi” dilogiyasida qoraqalpoq xotin-qizlarining sharafli turmushini qalamga oladi. Ikkovi ham atoqli ustoz adib Abdulla Qahhorning xayrihoxligiga musharraf bo‘lishadi.
Ikki do‘st adib jamoatchilik ishlarida ham bir-biriga hamqadam edilar. T.Qaipbergenov tashabbusi bilan 1993 yilning 31 martida Turkiston zaminida turkiyzabon adabiyotlar vakillarining deklaratsiyasi imzolansa, 1996 yil nihoyasida Chingiz To‘raqulovich yalovbardorligida Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatlari assambleyasi tuzildi. Chingiz Aytmatov assambleya prezidenti, To‘lepbergen Qaipbergenov fond boshqaruvi raisi qilib saylanadi. Ikkovi bir qator qit’alarda o‘tkazilgan xalqaro adabiy anjumanlarda birga ishtirok etgan edi. Ikki do‘st, ikki adib, ikki deputat sobiq ittifoq xalq deputatlari qurultoyida Markaziy Osiyoning ekologik manfaatlarini yoqlab so‘zga chiqishgani hammamizning yodimizda. Eng asosiysi, ular bir-birining ijodini chinakam qadrlashardi. 1998 yilning 4 noyabrida “Pravda Vostoka” gazetasida Chingiz og‘aning T.Qaipbergenovga yo‘llagan do‘stona maktubi e’lon qilindi. U shunday boshlanardi:
“Qadrli birodarim!
Har xil sabablarga ko‘ra sening “Qoraqalpoq dostoni”ngni bafurja o‘qib chiqishga hech vaqt topolmasdim. Nihoyat, kechagina kitobingni oxirigacha huzur qilib o‘qidim. Rostini aytsam, keyingi yillarda, ayniqsa, o‘zim ishlayotgan paytlarim taqdiri azal ato etgan umrning har bir daqiqasini avaylab-asrashga, hatto mutolaadan ham o‘zimni tiyishga harakat qilayotirman. Nazarimda, o‘zing ham xuddi shunday tashvishda yurgan bo‘lsang kerak. Bizning yoshimizga yetgan odamlar (yanglishmasam, kelasi yili sen ham 70 yoshga to‘lasan) ko‘proq ish qilishni istaydi. Shunga qaramasdan, sening “yostiqdek” trilogiyangni o‘qib chiqdim. O‘qiganda ham nihoyatda qiziqib, ochiqchasiga aytadigan bo‘lsam, huzur qilib o‘qidim…”
Ustoz To‘lepbergen Qaipbergenov 1999 yilning 25 martida Chingiz Aytmatov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan YuNESKO tomonidan Parijda o‘tkazilgan anjumanda do‘sti haqida shunday degan edi:
“YuNESKO homiyligida o‘tkazilayotgan, barchamiz suyunib tilga oladigan Chingiz Aytmatovning ijodiy faoliyatiga bag‘ishlanib jahonning ko‘p mamlakatlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan bugungi xalqaro anjuman, mening nazarimda, insoniyat tamaddunining bir-biriga yaqinlashishida, dunyoni Sharq va G‘arb deb bo‘lishga odatlanib qolgan ko‘nikmalarga barham berishga qaratilgan sobit qadamlardan biri bo‘lgani aniq. Chingiz Aytmatovning ijodiy faoliyati yangi ming yillik bo‘sag‘asida ana shunday birdamlikning natijali hamda yaqqol tarzda ro‘yobga chiqqaniga yorqin misol bo‘la oladi…”
– Yuqorida buyuk adibning ajoyib asarlari 176 tilda nashr etilganini ta’kidladingiz. Tabiiyki, ulardan biri go‘zal va jozibali qoraqalpoq tili. Adib asarlarini tarjima qilishda qaysi adiblar jonbozlik ko‘rsatishdi?
– Chingiz og‘a asarlarini qoraqalpoq tiliga o‘girishda uch zahmatkash tarjimon – Uzoqboy Pirjonov, Safarboy Soliyev, Alpisboy Sultonov salmoqli ishlarni bajardi. Ularning sa’y-harakatlari bois, atoqli adib romanlari, qissalari, hikoyalari “Amudaryo” jurnali hamda alohida kitoblar orqali qoraqalpoq kitobxoniga yetib bordi. Yana bir muhim omil borki, bugungi peshqadam qoraqalpoq romannavis va qissanavislaridan O‘rozboy Abdurahmonov, Murotboy Nizanov, Kengesboy Allambergenov, Kengesboy Karimov, Sharof Usnatdinov, Beknazar Yernazarov, Allanazar Abdiyev va boshqalar jahon adabiyotining eng sara an’analari bilan bir qatorda Chingiz Aytmatovning mahorat bulog‘idan suv ichmoqda.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini o‘qib, ko‘nglingizda qanday tuyg‘ular tug‘ildi?
– Chingiz Aytmatov adabiy merosi hozirgi zamon jahon nasrining eng bebaho sahifalaridan biri hisoblanadi. Qaror ijrosi adib asarlarini barchamizga, birinchi navbatda, internet asri yoshlariga yaqinlashtiradi. Men sizga Chingiz og‘aning barcha asarlari qahramonlarini aytib berishim mumkin. Balki erish tuyular: ammo adabiyot o‘qituvchilaridan, hatto uyushmamizga a’zo bo‘lgan adiblardan bir qismi o‘sha asarlardan ayrimlarining nomini ham bilmaydi. Bizga Alisher Navoiy, Maxtumquli Firog‘iy, Abay Qo‘nonboyev, To‘qtag‘ul Sotilg‘onov, Berdaq Qarg‘aboy o‘g‘li, Ahmad Donish merosi har kuni kerak bo‘lganidek, Abdulla Qodiriy, Muxtor Avezov, Berdi Kerboboyev, Sotim Ulug‘zoda, To‘lepbergen Qaipbergenov va, albatta, Chingiz Aytmatov asarlari ham bir umrlik ma’naviy hamroh bo‘lishi lozim.
Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi O‘zA