Bugungi O‘zbekiston bundan olti-yetti yil avvalgi O‘zbekiston emas. Buni nainki mamlakatimiz, balki jahon hamjamiyatida ham alohida e’tirof etilmoqda. Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligida ham ayni jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortgan mazkur ma’rifiy haftalikda dunyoning qariyb barcha qit’asidan, ya’ni 60 dan ortiq mamlakatdan 450 nafardan ziyod davlat arboblari, siyosatchilar, olimlar, yirik biznes vakillari, ekspertlar, elchixonalar, xalqaro tashkilotlarning mutassaddilari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev jahonda Yangi O‘zbekiston sifatida e’tirof etilayotgan Vatanimizdagi o‘zgarishlar ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy soha, madaniyat va san’at, ilm-fan, innovatsiyalarda yaqqol ko‘zga tashlanayotganini ta’kidladi. Ayni paytda mazkur ijobiy o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson qadr-qimmatini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ustuvor bilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun odamlar dardu tashvishini o‘rganish, ularga o‘z vaqtida oqilona yechim topish, mavjud muammolarni joylarga chiqib tahlil etish, kamchiliklarga qisqa fursat davomida barham berish masalasi mamlakatimizda olib borilayotgan tub ijobiy o‘zgarishlarda ustuvorlik kasb etmoqda. Ta’lim, madaniyat va ma’rifat, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik borasidagi islohotlar jarayonida xalqimiz, keng jamoatchilik fikrini inobatga olish, ularning taklif-mulohazalarini tahlil qilish, ilg‘or tashabbuslarni hayotga keng joriy etish borasida misli ko‘rilmagan qadamlar tashlandi. Endilikda Vatanimizdagi keng qamrovli va shiddatli tus olgan o‘zgarishlar “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab dadil odimlayotganini dunyo hamjamiyati yuksak e’tirof etmoqda. Ayni paytda bu boradagi pozitiv o‘zgarishlarni ibrat sifatida tan olmoqda.
O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan olib borayotgan ochiq, konstruktiv, o‘zaro ishonch va samimiyatga asoslangan siyosati uning dunyo miqyosidagi obro‘si va nufuzining tobora yuksalishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligining bosh maqsadi – xorijiy va mamlakatimiz ekspertlari, tahlilchilari, olimlari va siyosatchilari o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va galdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda yuzaga kelayotgan mutlaqo yangicha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlatimizning tashqi va ichki siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashishdan iboratdir.
O‘zaro bahs va munozaralarga, samimiy suhbatlarga boy tarzda kechgan muloqotda “O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar va syujetlar” nomli ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
“Yangilangan Konstitutsiya: islohotlarning huquqiy asosi” nomli xalqaro anjumanda yangilangan Bosh qomusimizning jamiyatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, ijtimoiy davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha muloqot qilindi.
Shu bilan birga “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi”, “Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati”, “Yangi O‘zbekiston – qulay biznes muhiti” nomli sho‘’ba yig‘ilishlari qizg‘in muloqotlar, bahs va munozaralarga, samimiy suhbatlarga boy bo‘ldi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri