Bug‘doy o‘rim-yig‘imidan keyin boshoq terish, somon to‘plash, uni tashish, terilgan boshoqlarni yanchib, bug‘doyni tozalab olish kabi yumushlar bolalik xotiralarimizning bir bo‘lagidir.

Bu ishlarning o‘z gashti bor edi — biz bolalar uchun keng dala maydonlarida tengqurlarimiz bilan quvlashib, boshoq terish zavqli onlardek tuyular, qop-qop to‘plagan boshoq uyumlarimizdan ko‘zimiz quvnab, o‘zimizni zo‘r ishni do‘ndirgandek his qilar edik.

Ayni g‘alla o‘rim-yig‘imi yaqin qolgan paytlarda qo‘ni-qo‘shni kattalarning ham asosiy gurungi paykallarda yastanib yotgan bug‘doyzorda o‘rim-yig‘imdan keyin to‘kilib qoladigan bug‘doy boshoqlarini terish, somon va xashak g‘amlab, mol-hollarning qishki g‘aramini sal yengillashtirish mavzusi bo‘lar edi. G‘alla o‘rimi boshlanganidan butun qishloq ahli g‘imirlab qolardi. Kimdir velosipedda, kimlardir aravalarda bola-baqrasi bilan bug‘doyzor tomonga oshiqardi. Bug‘doyzorning kombayn o‘rib ketgan qismida katta-kichik hamma chuvalashib boshoq terar, to‘kilib qolgan somon va  chekkalarda chala o‘rilib qolib ketgan bug‘doy poyalarini xaskash yordamida to‘plash bilan ovora bo‘lar edi. Deyarli hamma xonadon vakillari bug‘doyzordan o‘z nasibasini olardi… Bir tomondan esa bug‘doyzor dala top-toza bo‘lib, yerni tayyorlashga ortiqcha ish qolmas edi.

Bugunchi? Bugunning bolalari boshoq terish jarayoni haqida hatto bilmaydi ham. Chunki bir paytlardagidek boshoq terilmay, yerga to‘kilgan rizq-ro‘z pisand qilinmay, qoldiq somonlar yig‘ilmay qoldi. Bug‘doy dalalarini tozalashning “eng oson” yo‘li — “yondir-kuydir”lar avj olmoqda. Hatto odatiy holga aylanayotir.

Odatda pishib yetilgan g‘alla kombaynlar yordamida yig‘ishtirib olingandan keyin hosildan bo‘shagan maydonlarga bug‘doy poyalarining kombayn tig‘i tegmagan pastki qismlarini va boshqa o‘t-o‘lanlarni o‘radigan, chor tarafga sochilib ketgan somonlarni to‘plab, zichlaydigan turli agregat-mashinalar kiritiladi. Shundan so‘ng yer shudgorlanadi. Agar yer tozalanmasa, yerlarga ishlov berishga xalaqit qiladi, somon va o‘t-xashak qoldiqlari chirimagunicha ekilgan ekinning o‘sishiga, parvarish sifati va hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buni juda yaxshi bilgan fermer va dehqonlar bug‘doyzorni haydashdan oldin yerni tozalaydi.

Afsuski, ba’zilari esa go‘yoki ortiqcha mehnat va vaqt sarflamaslik uchun qaltis yo‘lni tanlab, dalaga o‘t qo‘yib yuboradi. Oqibatda gektarlab dala maydonlari otash girdobida qoladi. Gurillab yonayotgan olov ichida insonlarning rizqi bo‘lgan bug‘doy boshoqlari ham, chorvaga o‘t-xashak bo‘ladigan somon qoldiqlari ham kuyib kulga aylanadi. O‘t-alanganing issiq hovuri esa dala yon-atrofidagi dov-daraxtlar, tutlarga ham ta’sir qilib, barglarini qovjiratadi. Ko‘kka ko‘tariladigan tutun ob-havoni bulg‘ab, ham insonlarga, ham tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

G‘alla rizq-nasibamiz, to‘kin-sochinlik, to‘qlik manbaidir. Bug‘doyning bir boshog‘i ham non degani. Uni e’zozlash in’om etilgan nasibaga shukrona keltirish bilan barobar.

Yaqin tariximizdan bilamizki, minglab, millionlab odamlar urush yillari va undan keyingi davrlarda bir burda nonga, bir qorim unga zor bo‘lishgan. Bitta non uchun turnaqator navbatda turib, jon boshiga arzimagan nonni zo‘rg‘a olishgan. Odamlar erta bahorda tut pishig‘iga o‘lmay yetishsa, xursand bo‘lishganini ota-bobolarimizdan ko‘p eshitganmiz. Bugungi kun avlodlari esa buni tasavvuriga ham keltira olmaydi. Albatta, bunday og‘ir damlar insoniyat boshiga hech qachon qayta tushmasin. Ammo bugungi to‘qlikning qadriga yetish, rizq-ro‘zimizning hovuchini bo‘lsa-da, ko‘kka sovurmaslik lozim.

Shunday ekan, ayni paytda g‘alladan bo‘shagan dalalarni tozalashda belgilangan tartiblarga amal qilish, odatga aylanib borayotgan “yondir-kuydir”larga chek qo‘yish kerak. Shusiz ham muammolar girdobida qolayotgan ekologiyamizni, atrof-muhit tozaligini asrashimiz shart. Bu borada tegishli mutasaddilar, mas’ullar nazoratni muntazam olib borishi, keng dalalarni o‘t-alangadan himoyalashi lozim bo‘ladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA