O‘zbekiston davlat madaniyat va san’at instituti Nukus filialida “Oq yo‘l sizga, bitiruvchilar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
2022-2023 o‘quv yilida filialni 8 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 127 nafar talaba tamomlamoqda. Ular yillar davomida olgan bilimi natijasida davlat attestatsiya sinovlari va bitiruv ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bitiruvchilar orasida 71 yoshli Shinigul Dosxojayeva ham bor.
– Ilm olishning erta-kechi yo‘q, deganlaridek, oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lish orzuyim edi, – deydi Shinigul Dosxojayeva. – Mana 71 yoshimda ushbu orzuyim ushalmoqda. Qariyb 50 yildan buyon madaniyat sohasida mehnat qilib kelaman. Bu bilan cheklanib qolmay, o‘qishni magistraturada davom ettirmoqchiman.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi va filial rahbariyatining qutlovi topshirildi va konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.