Gruziyaga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomini berishdan bosh tortish strategik xato bo‘ladi. Bu YeI va Gruziya manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu mamlakat Bosh vaziri Irakliy Garibashvili shunday dedi.

– Men hamkorlarga Ukraina ziddiyati tufayli butun dunyo, xususan Yevropa qit’asida xalqaro kun tartibi butunlay o‘zgarib ketgan vaziyatni yana bir bor tasvirlab berdim, – dedi hukumat boshlig‘i. – Ularga aytdimki, bunday vaziyatda Gruziyani ajratib qo‘yish G‘arbning strategik xatosi bo‘ladi. Bunday yondashuv na G‘arbning, na bizning manfaatimizga to‘g‘ri keladi.

Garibashvili yana bir bor eslatib o‘tdiki, agar YeI qutblashish darajasini pasaytirishga intilayotgan bo‘lsa, Gruziyaga nomzod maqomini berishi zarur.

2022 yil iyun oyida YeI Moldova va Ukrainaga hamjamiyatga kirish uchun nomzod maqomini berdi. Gruziyaga esa 12 shart taqdim etib, shular bajarilgandan keyingina nomzod maqomi berilishi aytilgan.

O‘zA