Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi faoliyatini tartibga soluvchi biron-bir qonun mavjud emas.

Shu maqsadda “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonunning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

– Qonunda korrupsiyaga qarshi ekspertizaning asosiy prinsiplari, korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazadigan organlar va ularning vakolatlari, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillar, korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish tartiblari aniq belgilab qo‘yilmoqda, – dedi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Qonunning qabul qilinishi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishga hamda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi. Qonun davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to‘lovidan tejalgan mablag‘larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining va iste’molchilarning huquqlarini yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlash uchun yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisida esa “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi ijro hujjatini ijro etmaganligi uchun qarzdorga nisbatan adolatli jarima tayinlanishiga, shuningdek, fuqarolarning qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilishiga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.

N.Abduraimova, O‘zA