Toshkentda – Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi binosida ushbu tashkilot faoliyat boshlaganining 19 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

SHHT bugungi kunda yer yuzidagi eng yirik va nufuzli transmintaqaviy tuzilmalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Dunyoning qariyb yarim aholisi istiqomat qiladigan hududni, Xitoy, Hindiston, Rossiya singari jahonning qator qudratli davlatlari va jahon geosiyosiy hayotida tobora mustahkam o‘rin egallayotgan, sayyoramizning ulkan strategik ahamiyatga ega mintaqalaridan biriga aylanib borayotgan Markaziy Osiyodagi aksariyat mamlakatlarni birlashtirgan, endilikda turli qit’alardagi yirik davlatlar tomonidan jiddiy qiziqish bildirilayotgan mazkur tuzilma ta’sir doirasi yil sayin kengayib boryapti. MATT esa tashkilotning doimiy faoliyatdagi sanoqli bo‘linmalaridan biridir.

Tadbirda qator xalqaro tashkilotlar, SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari, SHHTning Toshkentdagi Xalq diplomatiyasi markazi, mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi, SHHTga a’zo, kuzatuvchi hamda muloqot bo‘yicha sherik davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, a’zo davlatlarning SHHT MATT huzuridagi doimiy vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev o‘z so‘zida tuzilmaning tashkilot tarkibida muntazam faoliyat ko‘rsatuvchi idorasi sifatidagi asosiy vazifalariga qisqacha to‘xtaldi. Shu bilan birga faoliyat olib borayotgan tarixan qisqa davrda MATT SHHTni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shganini, mintaqaviy va global miqyosda terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi illatlarga qarshi kurash ishida Tashkilotning mustahkam o‘zagiga, muvofiqlashtiruvchi markaziga aylanganini ta’kidladi.

Kelgusida ham SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi tomonidan vakolatli idoralar hamkorligini takomillashtirish, aksil terror faoliyatning amaliy mazmun-mohiyatini yanada boyitish, samaradorligini yanada oshirish imkonini beradigan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlar davom ettirilishi tasdiqlandi.

G‘ayrat Xonnazarov, Muhammad Amin (surat), O‘zA