Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov ushbu savolga batafsil javob berdi.

Uning qayd etishicha, 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlar bilan – tuman (shahar) hokimi va uning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan shartnomalar tuziladi.

101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan, 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan – Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan “Hamkorlik shartnomalari” tuzilishi belgilangan.

“Hamkorlik shartnomasi” 3 yilgacha muddatga tuziladi hamda unda nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmaganida tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan imtiyozlar o‘rnatilgan tartibda bekor qilinadi va imtiyoz qo‘llanilishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari ixtiyorida qolgan summalar qaytarib olinadi.

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun zarur mablag‘lar va infratuzilma bilan ta’minlash yo‘nalishida ishsiz fuqarolarni kasbga o‘rgatish va o‘z ishchilarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazlarini qurish va jihozlash xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

“Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi. Ushbu tajribaning birinchi bosqichi 2023/2024-o‘quv yilida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3-4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi.

Dastur doirasida 2023-2024 yillarda ajratilgan mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalarning a’zolarini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit berish rejalashtirilgan. Qolaversa, tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.

Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir.

Sh.Mamaturopova, O‘zA