Haj – 2023

Har bir mo‘min-musulmon, mo‘mina-muslima borki, Allohning baytini umrida bir bor bo‘lsa-da, tavof qilishni, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning muborak Ravzai shariflarini ziyorat etishni orzu qiladi. Zero, bu muqaddas zaminda Qur’oni karim oyatlari nozil bo‘lgan, islom tarixiga oid ko‘plab voqea-hodisalar kuzatilgan.

Umuman, Ka’batullohda ibodat qilish, Payg‘ambarimiz masjidlarida namoz o‘qishning savobi ko‘p: Masjidul Haromda bir rakat namozga Islom dini Haj mavsumi – ulug‘ amallar adosi ming rakat namozining, Masjidi Nabaviydagi ming rakat namozning savobi beriladi. Bunday ulkan imkoniyatga erishish uchun barcha talpinishi tabiiy.

Haqiqat qiyosda yuzaga chiqadi. Avvallari haj kvotasi 5200 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yil bu raqam 7200, 2022 yil esa 12000 ga yetdi. Joriy yil O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15000 ta etib belgilandi. Bu misli ko‘rilmagan ulkan ne’mat. Bir umr Ka’bai muazzama, Ravzai sharifni sog‘inib yashab o‘tib ketgan ajdodlarimiz orzulari 15 ming hoji timsolida ro‘yobga chiqmoqda. Buyuk sharafga, baxtga noil bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz odamning havasini keltiradigan sharoitlarda haj safarini ado etish uchun ayni kunlarda Madinai Munavvara va Makkai Mukarrama shaharlarida bo‘lib turishibdi.

Avvalgi nomi Yasrib bo‘lgan shahar Payg‘ambarimiz tashriflari bilan nurli, munavvar shaharga aylandi. Masjidi Nabaviyga kirgan odam muazzam maskandan chiqqisi kelmaydi: to‘yib-to‘yib ibodat qilishni xohlaydi. Payg‘ambarimizning bu masjidlarida namoz o‘qiyotgan, duo, zikr qilayotgan hoji namoz asnosida xuddi o‘zini Rasululloh ortida turgandek tasavvur qiladi. Ayniqsa, Ravzai sharifga kirgan kishi o‘zini, go‘yo, jannatda his etadi. Chunonchi, Nabiy alayhissalom muborak hadislarida: “Uyim va minbarim o‘rtasida jannat bog‘laridan bir bog‘ bor”, deganlar. Darhaqiqat, shunday. Hojilarimiz ibodatni xotirjam bajarishi uchun Madinai Munavvarada barcha qulayliklarga ega besh yulduzli “Zamzam Pullman”, Makka shahrida “Roshidiya” mehmonxonalari xizmatda. Ushbu turar joy majmualari Masjidi Nabaviyning shundoq yonginasida joylashgani yurtdoshlarimiz namoz va ziyoratni ko‘proq ado etishiga imkon yaratyapti.

Masjidi Nabaviy hovlisida turib, go‘zal manzarani kuzatishning zavqi bo‘lakcha: egniga O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan nimcha kiyib olgancha ibodatga shoshayotgan hoji ota, hoji onalarimiz yuz-ko‘zlaridagi quvonch ularning naqadar baxtiyor ekanliklaridan nishona.

Ayniqsa, namozdan so‘ng jannatmonand yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz turmushi bundan-da farovon bo‘lishini, xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan rahbarlarimiz tanu joni sog‘ bo‘lishini Yaratgandan chin dildan so‘rab, iltijo qilayotgan yurtdoshlarimiz duolari ijobat bo‘lg‘usi, inshoalloh.

Yurtdoshlarimiz dastlabki uch kun davomida Payg‘ambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilib, Uhud tog‘i, islom olamida birinchi qurilgan masjid – “Qubo”da bo‘ladilar. Asosiy vaqt Masjidi Nabaviyda toat-ibodat bilan o‘tadi. Bu muazzam masjid har bir hojini o‘ziga chorlaydi.

Qahramonlar ziyorati

Munavvar shaharga kelgan kishi borki, Uhud tog‘iga borishga intiladi. Zero, bu makonni Payg‘ambarimiz yaxshi ko‘rganlar. Bir muborak hadisda: “Bu Uhud tog‘i, u bizni yaxshi ko‘radi va biz ham uni yaxshi ko‘ramiz”, deyilgan.

Uhud tog‘i Madinai Munavvaradan, taxminan, 4-5 kilometr shimolda joylashgan. Uzunligi 7, kengligi 2-3 kilometr, balandligi salkam 350 metr.

Bu atrofda juda ko‘p tarixiy voqealar ro‘y bergan. Shulardan biri – Uhud jangi. Ayni g‘azot Badr g‘azotidan keyin, hijriy 3-yilda, muslimlar bilan Quraysh qabilasi o‘rtasida kechgan. Ushbu jangda ming nafar musulmon uch ming nafar Quraysh qo‘shiniga qarshi kurashgan.

Bu toqqa ziyoratga kelgan kishida, beixtiyor, vatanparvarlik hissi jo‘sh uradi, chunki Uhud qahramonlari o‘z Vatani – Madinai Munavvarini, qolaversa, rahbarlari, ya’ni Rasulullohni qanday himoya qilganini Sa’d ibn Abu Vaqqos misolida bilib olamiz. Bu ulug‘ sahoba Nabiy alayhissalomni himoya qilish asnosida yetmish joyidan yaralangan.

Rahmonning mehmonlariga xizmat qilish  sharaf!

Haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmonidir. Haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ savobga noilligi xususida ko‘p dalil bor. Shu ma’noda “Haj – 2023” tashkilotchilari va ishchi guruh a’zolari ayni ulug‘ darajani maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat etyaptilar. Delegatsiya, ishchi guruh a’zolari, ellikboshilar doimo hojilar yonida, shifokorlar hamyurtlarimiz salomatligidan mudom xabardor. Oshpazlarimiz ibodatga quvvat bo‘ladigan tansiq milliy taomlardan tayyorlab berishyapti.

Ulamolarimiz, ahli ilm ziyoratchilar bilan muntazam suhbat o‘tkazib, ibodatni chiroyli ado etishga yaqindan ko‘makchi. Hojilarga sifatli transport xizmati ko‘rsatish, ularni belgilangan manzilga kechiktirmasdan yetkazish maqsadida avtobuslar jalb etilgan. Bizning bosh maqsadimiz ziyoratchilarning har bir qadamini yengillashtirib, ko‘p vaqtini ibodatga sarflash edi va bunga Alloh muvaffaq qildi.

Hojilarimiz hajini O‘zi mabrur qilsin.

Abduqahhor domla YUNUSOV,

Toshkent shahri bosh imom-xatibi

Saudiya Arabistoni, Madina shahri