Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirni nomzodning Farg‘ona viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Mavludaxon Xo‘jayeva ochdi. U Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi olti yarim yilda viloyatda amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi, aholi farovonligi, iqtisodiyot tarmoqlari rivoji haqida aytib o‘tdi.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Jumladan, ta’limga oid rejalar haqida alohida to‘xtaldi.

– Farg‘ona viloyatida maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj 100 foizga qoplanadi. Buning uchun 2 mingta yangi davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 2030 yilga qadar zamonaviy maktablar barpo etish, mavjudlarining quvvatini oshirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 125 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada mavjud quvvatlarga nisbatan ikki baravar ko‘p o‘quvchiga ega bo‘lgan 175 ta maktab yuklamasi kamaytiriladi.

Shu bilan birga, viloyatdagi 350 ta maktab to‘liq ta’mirlanadi, barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari bilan jihozlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentlikka nomzod shundan so‘ng tibbiyot sohasiga oid rejalari haqida ma’lumot berdi.

– Sog‘liqni saqlash sohasiga e’tiborni yanada kuchaytiramiz. 2030 yilga qadar Farg‘onada 100 dan ortiq tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi. Sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish orqali yana 300 dan ziyod xususiy klinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi (ularning soni 1 ming 100 taga yetkaziladi).

Viloyatdagi endokrinologiya, urologiya va kardiologiya markazlari, shuningdek, ko‘p tarmoqli shifoxona va tez tibbiy yordam xizmatini o‘z ichiga qamrab olgan mazkur klasterni barpo etishga 150 million dollar yo‘naltiriladi. Natijada ushbu klaster tomonidan yiliga 100 ming nafar bemorga yuqori malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Bugungi kunda viloyatdagi onkologik kasallikka chalingan 7 mingdan ortiq bemorlar nur terapiyasini olish uchun poytaxtga yoki qo‘shni viloyatlarga qatnashga majbur bo‘lmoqda. Shu bois, 10 million dollar sarmoya evaziga “Nur terapiya markazi” ishga tushiriladi, – dedi nomzod.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yetti yilda viloyatda zamonaviy va hamyonbop uy-joylar qurish hajmi uch karra oshirilishi haqida ham aytib o‘tdi.

– Xabaringiz bor, Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda yangi “Eko shahar” massivini barpo etishni boshlaganmiz. Ushbu hududning to‘rtdan bir qismi yoki 70 gektarida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, sun’iy ko‘l hamda istirohat bog‘i joylashadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu shaharcha odamlarimiz yashashi uchun qulay, xavfsiz va bahavo maskanga aylanadi. Ushbu shaharchada 15 ming xonadonga mo‘ljallangan 300 ta ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshiriladi (shu yilning o‘zida 80 ta ko‘p qavatli uy quriladi). Umuman olganda, kelgusi yetti yilda viloyatda 2,5 mingta ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga, 100 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi. Bunga barcha manbalar hisobidan 2,5 milliard dollar yo‘naltiriladi, – dedi Prezidentlikka nomzod.

Shavkat Mirziyoyev Qo‘qonda bo‘lgan yong‘in haqida munosabat bildirdi.

– Bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tsam. Shu haftada Qo‘qondagi buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzlab tadbirkorlarimizga zarar yetkazdi. Qo‘qonlik tadbirkorlarimiz xotirjam bo‘lsin, biz hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz. Bu bozor uzog‘i bilan bir oyda to‘liq tiklab beriladi, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Kim qaysi do‘konda faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘sha yerda tadbirkorligini davom ettiradi. Yong‘indan zarar ko‘rgan barcha tadbirkorlarning kredit va soliq to‘lovlari muddati kechiktiriladi. Ularning qaytadan “oyoqqa turib olishlari” uchun aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yong‘in oqibatida bozorga tutash hududlarda zarar ko‘rgan aholi xonadonlari to‘liq ta’mirlab beriladi. Umuman, yetakchi loyiha tashkilotlarini jalb qilib, bozorlarni zamonaviy, qulay, barcha xavfsizlik talablariga javob beradigan savdo komplekslariga aylantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nomzod viloyatda infratuzilmani yaxshilash borasidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Xitoyning 900 million dollar investitsiyasi hisobiga O‘zbekiston va Beshariq tumanlarida 900 Megavattli quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Viloyat aholisining elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 8 ming kilometr tarmoq va 2 mingta transformator yangilanishi, shuningdek, 10 ming kilometr yo‘llar va 170 ta ko‘prik ta’mirlanishi aytildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mahalla tizimi imkoniyatlarini kengaytirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq reja va maqsadlar bildirildi. Nomzod har bir tashabbus va rejalarning aniq hisob-kitobi va manbasi borligini ta’kidlab, bular asosida viloyatni 2030 yilgacha rivojlantirish dasturi qabul qilinishi va unga jami 25 milliard dollar yo‘naltirilishini aytdi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuvda O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodovani yodga oldi.

– Albatta, viloyatning fidoyi dehqon va fermerlari haqida gap ketganida, Oltiariq tumani farzandi bo‘lgan, O‘zbekiston Qahramoni, rahmatli Lola opa Murodovani eslaymiz. Ilohim, ruhlari shod bo‘lsin. Bu zahmatkash, olijanob inson o‘zbek ayollarining timsoli edi. U kishini hammamiz yaxshi ko‘rar, chuqur hurmat qilar edik.

Butun hayotini el-yurt ravnaqiga, Farg‘onani obod qilishga bag‘ishlagan bu ulug‘ yurtdoshimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida viloyatda Lola Murodova nomidagi fermerlar maktabini tashkil etsak, sizlar bu taklifga qanday qaraysizlar, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvdagilar ushbu taklifni olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladi.

– Bu maktabda nafaqat Farg‘ona, balki barcha hududlarimizdan kelgan fermerlar bilim va malaka oshirsa, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘ladi, – dedi nomzod.

Nomzod fermerlar va klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Jumladan:

– klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi;

– klasterlar tomonidan fermerlarga ko‘rsatilgan qo‘shimcha xizmatlar ular bilan o‘zaro kelishuv asosida alohida hisob-kitob qilinadi;

– bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar faoliyatiga aralashishga qat’iyan chek qo‘yiladi;

– qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimi, hokimlar fermer va klasterlar mahsulotlariga bozor topishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi;

– fermerlarning faoliyat turini o‘zgartirishi soddalashgan tartibda bo‘ladi;

– qishloq xo‘jaligida klasterlar va fermerlarning yerini haqiqiy bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Qisqacha aytganda, yerning ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish, hadya qilish, kredit olishda garov sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Uchrashuv so‘ngida partiya vakillari va taklif etilgan mehmonlar so‘zga chiqdilar. Ular saylovoldi dasturidan o‘rin olgan har bir tashabbus viloyat aholisining turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA