O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikamizning qaysi hududiga bormasin, avvalo u yerda islohotlarning borishi, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning amalga oshirilishi, odamlarning turmush sharoitlari va kayfiyati bilan qiziqadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.
Prezidentimiz Xorazm viloyatida ham hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va tuman hokimlari va tegishli sohalar mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari viloyatda keyingi paytda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ko‘plab masalalar to‘planib qolgani, muammolarni hal etishda viloyat rahbariyatining ishni bo‘shashtirib yuborgani, viloyatning birinchi rahbarida talabchanlik va qat’iyat yetishmaganini ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek, viloyat, shahar va tumanlardagi sektorlarning ishlari ham qoniqarsiz tashkil etilganini qayd etdi.
Yig‘ilishda hech narsa qarsak bilan bo‘lmasligi, ishdagi tartib va intizom yuqori natijalarning qo‘lga kiritilishida birlamchi omil bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.
Viloyatda ko‘plab sohalarda oqsoqliklar kuzatilmoqda. Yangi ish joylarini tashkil etish, byudjetning daromadlar bazasini kengaytirish, viloyat eksport salohiyatini oshirish, boqimanda qarzdorlikni kamaytirish, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish ishlarida jiddiy qoloqliklar mavjudligi, viloyatning turizm imkoniyatlari keng bo‘lishiga qaramasdan, ushbu sohada ham ko‘plab muammolar to‘planib qolganligi ta’kidlandi.
Ishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Ilgizar Sobirov vazifasidan ozod qilingan edi. Uning o‘rniga Farhod Ermanov viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.
Yig‘ilishda yo‘l qo‘ygan sustkashliklari uchun viloyat hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Maqsud Sapayev, Investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Temur Rahmonov hamda Qo‘shko‘pir tumani hokimi Sardor Yusupov egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Bundan tashqari, sektor rahbarlariga, bir qancha mutasaddilarga intizomiy jazo choralari ko‘rildi va ularga sinov muddati berildi.
Yig‘ilishda viloyatning yangi rahbariyati va barcha mutasaddilar oldiga qator vazifalar qo‘yildi.
Barcha hokimlar, idora va tashkilotlar rahbarlari uyg‘onishi, o‘zini qiynashi kerak. Viloyatni rivojlantirish, odamlarni rozi qilish va ularning turmush farovonligini oshirish har bir rahbarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak, dedi Prezidentimiz.