Ombudsmanga fuqarolar turli masalalarda murojaat qilmoqda. Har bir murojaat e’tiborga olinib, buzilgan huquqlar tiklanmoqda.
Ombudsmanning hududlarda mintaqaviy vakillari faoliyat boshlagani tuzilmaga murojaat qilishda qulaylik yaratdi.
Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga Mexanika sho‘’ba korxonasining o‘n nafar ishchisi murojaat qilib, mehnat huquqlari buzilayotganini ma’lum qilgan.
15 yildan buyon ushbu korxonada ishlab kelayotgan ishchilarning yozishicha, u yerda ishchilarga qulay mehnat sharoiti yaratilmagan. 2022 yil davomida xodimlarga ish haqi to‘lash uchun hisoblangan koeffitsiyentlar to‘liq to‘lanmagan.
Murojaatchilar qolib ketgan ish haqini olishda hamda korxona bilan tuzilgan shartnomaning qonun hujjatlariga muvofiqligini ko‘rib chiqishda yordam so‘ragan.
Mintaqaviy vakil murojaatni nazoratga olib, Andijon shahar davlat mehnat nazorati inspeksiyasi xodimlari bilan o‘rganganida korxonaning ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilmagani, xodimlarga noqulay va zararli ish o‘rinlarida ishlagani uchun 2021-2023 yillarda kam miqdorda ish haqi to‘lab kelingani ma’lum bo‘ldi.
Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodimga qo‘shimcha vazifa yuklatilganda va xizmat ko‘rsatish zonasi kengaytirilganda qo‘shimcha ish haqi to‘lanishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, 10 nafar ishchiga temir va ko‘mirlar tashishdagi qo‘shimcha ishlarni bajargani uchun 2022 yildan hozirga qadar 67 million so‘m kam ish haqi to‘langani aniqlandi.
Natijada har bir murojaatchiga 6,7 million so‘mdan ish haqi to‘lab berildi.
N.Abduraimova, O‘zA