O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ishonchli vakili Nurlibay Qayipbergenov Kegeyli tumanida saylovchilar bilan uchrashdi. Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda nomzodning saylovoldi dasturi xalqchil, yurtparvar g‘oya va maqsadlar jamlanmasi ekanligi ta’kidlandi. Saylovchilar Robaxon Maxmudovaga ovoz berishga chaqirildi.

–Partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudova aholining, yuqori malakali mutaxassislarning, byudjet idoralari xodimlarining, pedagoglarning, shifokorlarning, umuman barcha soha vakillarining hayoti va farovonligini yuqori darajaga ko‘tarishni maqsad qilgan saylovoldi dasturini taqdim qilmoqda, – deydi Xalq deputatlari Kegeyli tumani Kengashi deputati Azima Kamolova. – Nomzodning dasturidagi bunday yuksak maqsad va vazifalar, ijtimoiy islohotlarning samaradorligini ta’minlash, mehnatkash xalqimiz uchun farovon turmush sharoitlarini yaratish, yurtimizda barqaror va ijtimoiy adolat o‘rnatishga yo‘naltirilgan.

Ishonchli vakilning joylarda saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri