“O‘zagroinspeksiya”ning amaliy yordami bilan 1027 holatda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi iste’molchilarga suv yetkazib berildi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasidagi mutaxassislar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 4 624 ta amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Berilgan ko‘rsatmalar va amaliy choralar natijasida jami 9 ming 424 holatda dalada suv isrof bo‘lishining oldi olindi.

Ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish, suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yish, sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, limitdan ortiqcha suv olish, ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish va boshqa shu kabi suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibini buzish holatlari aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan 350 ta holatda ruxsat etilmagan joylardan noqonuniy ravishda ochib olingan suv olish joylaridan suv berish, 11 holatda suv omboridan hamda 96 ta holatda nasos stansiyasidan ruxsatsiz suv chiqarish holatlari aniqlanib, suv olishni qat’iy belgilangan rejimlari asosida amalga oshirilishi ta’minlandi.

Inspeksiya xodimlarining bevosita amaliy yordami bilan 472 ta yaroqsiz holatga kelgan suv ob’ektlaridan behuda suvlar oqizib yuborilishi to‘xtatildi. 767 holatda suv yo‘qolishi yuqori bo‘lgan fermerlar aro ichki sug‘orish tarmoqlarida ta’mirlash va tiklash ishlari tashkil qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA