Yerdan, aholi tomorqasidan oqilona foydalanish haqida ko‘p gapiriladi. Chora-tadbirlar ham shunga yarasha. Bu bekorga emas.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xorij mahsulotlariga bog‘lanib qolmaslik, eksportni ko‘paytirish, aholi daromadini oshirish kabi masalalar yerdan samarali foydalanishga bog‘liq.
Joriy yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 100,4 ming gektar maydon foydalanishga kiritilishi rejalashtirilgan. Xususan, 46,6 ming gektar sug‘oriladigan maydonlar hisobidan, 53,8 ming gektar lalmi-yaylov yerlar hisobidan shakllantiriladi. Buning uchun davlat byudjeti hamda tashabbuskorlarning mablag‘lari yo‘naltiriladi. Natijada 337 kilometr sug‘orish tarmoqlarini qurish, 1 ming 700 kilometr sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash-tiklash, 1 ming 844 kilometr kollektor tarmoqlarini ta’mirlash-tiklash ishlari olib boriladi.
Shuningdek, 995 dona tik sug‘orish qurilmalarini, 111 dona nasos agregatlarini qurish, 463 kilometr elektr tarmoqlarini tortish, 306 dona transformatorlar o‘rnatish va 42,5 ming gektar yer maydonlarida agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi. Muhimi, yangi maydonlar foydalanishga kiritilishi natijasida respublika bo‘yicha jami 36 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning shu kuniga qadar jami 8 ming 200 gektar yer maydonlari foydalanishga kiritildi. Ushbu yer maydonlarida bug‘doy, sabzavot-poliz, dukkakli, kartoshka, makkajo‘xori kabi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi. Shuningdek, 1060 gektar bog‘ va 1584 gektar tokzorlar barpo etildi.
Sug‘oriladigan maydonlarning unumdorligini oshirish, meliorativ holati va suv ta’minotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari qabul qilinib, hujjat doirasida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har bir viloyatda o‘ziga xos tajribalar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tajribasi asosida yerlarni o‘zlashtirish keng miqyosda butun Respublika hududlari bo‘ylab keng quloch yozdi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ichki imkoniyatlarni keng jalb etgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish kun tartibiga qo‘yildi. Natijada aholi bandligi ta’minlanib, ularning daromadlari va turmush darajasi yanada yaxshilandi, qulay agrobiznes muhiti yaratildi.
Bo‘sh maydonlarga mo‘l va sifatli hosil beradigan ekin ekish davr talabi sanaladi. Bu borada dehqonlarga nimaiki ko‘mak zarur bo‘lsa, barchasi muhayyo etilmoqda. Bu esa aholining yerdan oqilona foydalanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Respublikada yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi oqibatida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qaytarish, yer osti suv zaxiralarini samarali ishlatish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish uchun yangi-yangi loyihalar qo‘llanilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining yer kodeksi”da “Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, deyilgan.
Birgina Surxondaryo viloyatida 2022-2023 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan 2022 yilda amalga oshirilgan eksport hajmi 258,4 million dollar miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 317,0 million dollar bo‘lishi kutilmoqda. Shundan, sanoat eksporti 152,9, meva-sabzavot eksporti 164,1 million dollar bo‘lishi kutilmoqda. Eksportga jalb qilingan jami korxonalar soni 2022 yilda 259 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 295 tani tashkil etmoqda.
Bu borada Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi yer egalari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lib kelmoqda. Aniqrog‘i, agentlik tomonidan sifatli urug‘lar, kasallikka chidamli ko‘chatlar, payvandtaglar yetkazib berilishidan tortib, ularni parvarishlash, zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, bog‘lar, tokzorlar barpo etish, o‘z navbatida bu borada mutaxassis tavsiyalariga tayanish, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirish jarayonigacha, barcha bosqichlarda kerakli yordam ko‘rsatilyapti.
Xalqimizda «Yerni boqsang, yer seni boqadi» degan hikmat bor. Zamin halollik, e’tibor, mehr kutadi. Yer xalqimizning hayoti, faoliyati va turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq.
Bepoyon dalalar, keng bog‘-rog‘laru qir-adirlar, o‘zimiz yashab turgan uylar, hovlilar, shaharlar boyligimiz, xazina manbaimiz. Inson yerga mehr berar ekan, halol mehnatga o‘rganadi.
Bir parcha yerga mehr berolmagan insonning hayotga munosabati ham bundan yaxshiroq bo‘lmasligi mumkin. Tomorqadan foydalanish madaniyati qancha oshsa, xalqimiz turmush-tarzi ham shuncha yuksaladi.
Shavkat Azizov
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi
bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA