Hindiston jinoyatchilikka qarshi kurash agentligi tekshiruv jarayonida “Xiaomi” kompaniyasining mamlakatdagi bo‘limiga, mansabdor shaxslariga hamda uchta bankka valyuta bo‘yicha qonunchilikni buzgani uchun rasman ayblov jo‘natdi, deb xabar tarqatdi “WION” telekanali.
Tergovchilar bergan ma’lumotga ko‘ra, tekshirish natijasida Xitoyning smartfon ishlab chiqaruvchi mazkur kompaniyasi xorijiy tashkilotlarga noqonuniy pul o‘tkazmalari amalga oshirgani ma’lum bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, bu ish 55,51 milliard hind rupiyi (673,2 million dollar) bilan bog‘liq.
Idora ta’kidlashicha, “Xiaomi” xorijga noqonuniy pul o‘tkazmalari jo‘natish bilan bog‘liq faoliyatni 2015 yil boshlagan. O‘tgan yil agentlik kompaniyaning respublikadagi aktivini muzlatgan. Xitoyliklar esa ayblovni inkor etib, pul o‘tkazish amaliyoti qonun doirasida amalga oshirilganini iddao qilgan. Joriy yil aprel oyida Hindiston sudi korxona da’vosini rad etdi.
“Xiaomi” so‘nggi yillarda Hindistonga juda ko‘p mablag‘ sarfladi. Xususan, arzon smartfon ishlab chiqaradigan yirik zavod qurdi.