Qonunchilikda yo‘l belgilarni o‘rnatishning huquqiy asoslari, ularni amalga oshirish tartibi va mexanizmlari aniq belgilanmagan.
Bu esa joylarda huquqni qo‘llash amaliyoti turlicha shakllanishiga olib kelgan. 2022 yil davomida tuman va shahar hokimlarining yo‘l belgilarini o‘rnatish to‘g‘risidagi beshta qarori bekor qilingan.
Bundan tashqari, taqiqlovchi yo‘l belgilari yo‘l harakati qatnashchilarini oldindan xabardor qilmasdan o‘rnatib kelinmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga yo‘l harakatini tartibga solishning shaffofligi va ochiqligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qonun loyihasi shu kabi bo‘shliqlarga barham berish maqsadida ishlab chiqildi.
Adliya vazirligi tomonidan mazkur qonun loyihasi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan tadbirda Adliya vazirligi mutaxassislari yo‘l harakatini tartibga solishning shaffofligi va ochiqligini oshirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish zarurati hamda qonun loyihasi bilan belgilanayotgan yangi tartib va qoidalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Loyihada taqiqlovchi yo‘l belgilari faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimining qarori asosida o‘rnatilishi belgilanmoqda.
Taqiqlovchi yo‘l belgilari o‘rnatilishidan kamida 20 kun oldin bunday qaror qabul qilinganining sabablari jamoatchilikka ma’lum qilinadi. Bu haqida mahalliy ijro hokimiyati organining tegishli rasmiy internet sahifalari va ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilinishi zarurligi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, yo‘l belgilari reyestri shakllantirilishi hamda reyestrga kiritilmagan taqiqlovchi yo‘l belgilari huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligi qat’iy belgilanmoqda.
Jurnalistlar qonun loyihasiga doir o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob oldi.
N.Abduraimova, O‘zA