Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Taraqqiyot dasturi (TD) Yevropa Ittifoqi (YeI) va Adliya vazirligi o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik doirasida O‘zbekistonning qishloq joylarida inklyuziv davlat xizmatlari markazlari ochilmoqda. Keyingi uch yilda yettita shunday markaz ochildi.
BMT bosh kotibi yordamchisi, BMT TDning Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan inklyuziv davlat xizmatlari markazlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Inklyuziv davlat xizmatlari markazlari har bir fuqaroning ehtiyojlariga mos ravishda turli xil davlat xizmatlaridan foydalanish, zarur ma’lumotlarni olishi mumkin bo‘lgan joydir. Nukus tumanida yangi ochilgan shunday markaz hududda istiqomat qilayotgan 49 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Qulay sharoitlarga ega ushbu zamonaviy binoning boshqa DXMlaridan ajralib turadigan jihati uning inklyuzivligidir. Ya’ni barcha tashrif buyuruvchilarga ularning kelib chiqishi yoki sharoitlaridan qat’iy nazar, kerakli xizmatlardan bir xil darajada foydalanishlari uchun imkoniyat yaratildi. Markazda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidlash lozim. Yangi binolarni qurishdan tashqari biz Adliya vazirligi bilan birgalikda xizmatlarni taqdim etishning ichki mexanizmlarini takomillashtirish ustida keng qamrovli ishlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, davlat xizmatlaridan foydalanish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlat muassasalarida funksiyalarni ratsionalizatsiya qilish; shaffoflik va foydalanish qulayligini ta’minlash uchun raqamli texnologiyalarni joriy etish; foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan xizmatlarni taqdim etishda xodimlarning salohiyatini oshirish – ana shunday ishlar sirasiga kiradi.
Hamkorligimizning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda har bir inson davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash.
N.Abduraimova, O‘zA