Ertaga Samarqandda paratriatlon bo‘yicha ilk bor Osiyo chempionati bahslari o‘tkaziladi. Shuningdek, ko‘hna kent triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va Osiyo kubogi musobaqalariga mezbonlik qiladi.
O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va paralimpiya qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rildi. Bugun musobaqalarda ishtirok etuvchi sportchilar suzish havzasi, veloshosse hamda yugurish yo‘laklari bilan tanishib chiqdi.
– Paratriatlon bo‘yicha ilk Osiyo chempionati Samarqandda o‘tkazilayotgani biz uchun o‘ziga xos imkoniyat bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, farg‘onalik sportchi Ilhom Eshonqulov. – Shu paytgacha nogiron-amputantlar o‘rtasida futbol bo‘yicha, nogironlar o‘rtasida suzish bahslarida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishganman. Yurtimizda o‘tayotgan paratriatlon bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Musobaqaga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada amalga oshirilgan. Bugun suzish havzasi, velo va yugurish yo‘laklari bilan tanishib, mashg‘ulot o‘tkazdik. Hammasi xalqaro standartlarga mos tarzda tashkil etilgan. Nasib etsa, bor imkoniyatimizni ishga solib yurtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritamiz.
Ta’kidlash joizki, paratriatlon bo‘yicha Osiyo chempionati ishtirokchilari 750 metr masofaga suzish, 20 kilometr velosiped poygasi va 5 kilometr yugurish bahslarida kuch sinashadi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA