O‘zbekistonda bugungi kunda 9 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari bor. Ular tadbirkorlik va fermerlik, ekologiya, sport, nogironlar huquqini himoya qilish, yoshlar, xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, texnika, fan va ilmiy-tadqiqot hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.

Adliya vazirligida “Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasidagi islohotlar” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida 50 dan ortiq respublika darajasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, hududlardan yuzdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari onlayn ishtirok etdi.

Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati bo‘yicha yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Adliya vazirligi vakillari tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi farmoni bilan tasdiqlangan “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” doirasida so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berildi.

Konsepsiya doirasida davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga yaratilgan imkoniyatlar sababli ularning faoliyati samaradorligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilgani ta’kidlandi.

Misol uchun, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyalar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlariga tashqi manbalardan 2021 yilda 46 million  AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari kelib tushgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 54 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti, subsidiya va ijtimoiy buyurtmalar shaklida 2021 yilda 75 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2022 yilda 97 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, Konsepsiya doirasida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan jami 12 normativ-huquqiy hujjat, shundan to‘rt qonun, bitta Oliy Majlis palatalari qo‘shma qarori, ikkita Prezident qarori, Vazirlar Mahkamasining beshta qarori loyihalari ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2023-2024 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi”da nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Davra suhbati davomida nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ularning faoliyatlari davomida yuzaga kelgan muammolar, davlat va jamiyat boshqaruvida ijtimoiy sheriklikning ahamiyati, ushbu yo‘nalishda mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi.

Davra suhbati savol-javob tarzida o‘tkazilib, sohani yanada takomillashtirish, ta’sirchan jamoatchilik nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA