Mamlakatimizda “Dispanser nazoratida turgan hamda nogironligi bo‘lgan bolalar salomatligi oyligi” boshlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur oylik doirasida shu yilning 7 iyunidan 7 iyuliga qadar surunkali va og‘ir xastaliklarga chalinib, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bemor o‘g‘il-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ta’kidlashicha, dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi oilaviy poliklinika hamda shifokor punktlarining patronaj va amaliyot hamshiralari tomonidan o‘z uchastkasidagi dispanser nazoratida turgan, nogironligi bo‘lgan bolalar bazasi shakllantiriladi. Shundan so‘ng maxsus tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Aksiya doirasida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar mutaxassislari jalb qilingan holda oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida tibbiy ko‘rik tashkil etiladi. Xonadonlarda tibbiy-diagnostika muolajalari amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lganda KTMPda tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, tibbiy ko‘riklarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarining eng malakali mutaxassislari jalb etiladi.

Tekshiruvlarda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha har bir bola salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘rilib, ular uchun alohida sog‘lomlashtirish rejasi tuziladi.

Unga ko‘ra, bemor bolalarning bir guruhi uy sharoitida, birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator holatda statsionar yordamga muhtoj bemorlar tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi.

Shuningdek, yuqori texnologik tibbiy yordamga ehtiyoji bor bolalarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.

 

O‘zA