Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ishchi guruhi a’zolari Istanbul shahrida Turkiyaning rivojlangan tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
Markaz rahbari Kamol Sirojiddinov yetakchiligidagi mutaxassislar Turkiya tajribasini o‘rganish, manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Safar davomida o‘zbekistonlik sport tibbiyoti mutaxassislari “Acıbadem Sports”, “Romatem”, “Doctor Club”, “Turan & Turan”, “Liv Hospital” sport muassasalari, shuningdek, Istanbul universitetining tibbiyot fakulteti faoliyatini yaqindan o‘rgandi. Muassasa rahbarlari bilan sohada tajriba almashish, davolash, ilmiy-metodik jihatdan tashkilotlar o‘rtasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Safar davomida “Doctor Club” va “Turan & Turan” tibbiyot birlashmalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolanib, kelgusida tashkilotlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash borasida fikr almashildi, deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA